12:30 / 17.08.2018
80860

«Samosud»dan qochib o‘zini suvga tashlagan ayol voqeasi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi bozorda ro‘y bergan «samosud» holati tasvirlangan yana bir video tarqalgach, Andijon viloyati IIB Matbuot xizmati «Kun.uz»ga ushbu hodisa tafsilotlari yuzasidan izoh berdi. Ma'lum bo‘lishicha, bu ayol bozorda o‘g‘rilik qilayotganida qo‘lga tushganidan keyin suv orqali qochib qutulmoqchi bo‘lgandi.

«2018 yil 14 avgust kuni soat 11.00 larda muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan A.A. Shahrixon shahar A.Temur ko‘chasida joylashgan savdo bozorida savdo qiluvchi I.N sumkasidan 192.000 so‘m, fuqaro S.G sumkasidan 270.000 so‘m, sotuvchi S.M. sumkasidan 30.000 so‘m miqdoridagi pullarni va uyali aloqa telefonlarini yashirin ravishda olib, hodisa joyidan yashirinmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushgan. Voqea joyida jabrlanuvchi I.N va hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan G.R uni tuman ichki ishlar xodimlariga topshirish maqsadida ushlab olishgan.

Natijada A.A jinoiy javobgarlikdan hamda fuqarolardan qochib yashirinish maqsadida o‘zini o‘sha yerdan oqib o‘tuvchi «Shahrixonsoy» kanaliga tashlagan. Voqea joyiga yetib borgan tuman IIB profilaktika inspektori tomonidan suvda oqib ketayotgan A.A qutqarib qolingan. Tuman IIBga olib kelinganida, unga nisbatan hech qanday kuch ishlatish alomatlari aniqlanmagan.

Sodir bo‘lgan mazkur holat ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, A.A ning  yonida alohida-alohida solingan 192.000, 295.000, 31.000 so‘m miqdoridagi pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida bayonnoma orqali olingan. Mazkur holat yuzasidan 14 avgust kuni tuman IIB tomonidan A.A ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

16 avgust kuni gumonlanuvchi A.A ga himoya huquqi ta'minlanib, tergov harakatlari davomida unga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayb e'lon qilinib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.  

Tergov davrida  I.N, G.S va M.S so‘roq qilinib, jabrlanuvchi sifatida e'tirof etilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib o‘tgandi.

«Kim bo‘lishidan qa'ti nazar bunday holatga yo‘l qo‘yilishi mumkin emas! Hech qachon! Jamiyat u qanday jamiyat bo‘lmasin, u albatta qonun-qoida asosida, tartib-intizom bilan yashashni istaydi, shundagina millat, xalq birligi, totuvligiga erishiladi. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi shart», - degandi deputat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda «samosud» yuz bergandi. O‘shanda ham bozorda o‘g‘rilikda gumonlanuvchini qo‘lidan osishgandi.

O‘shanda IIV Qoraqalpog‘istondagi «samosud» yuzasidan bergan rasmiy axborotida gumonlanuvchini qo‘lidan osib qo‘ygan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi («O‘zboshimchalik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgandi.

Keyinroq ushbu holatga aloqadorlarning barchasi - jami 4 kishi ushlandi. Bu shaxslarga jarimadan tortib bir necha yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlanishi mumkin.

 

 

Top