21:30 / 24.02.2020
0
43718
Eron qo‘shnilar uchun xavf manbaiga aylandi. Hukumat koronavirus bo‘yicha ma'lumotlarni yashirmoqdami?

24 fevral kuni Osiyoning yana besh mamlakati - Afg‘oniston, Bahrayn, Kuvayt, Ummon va Iroqda COVID-19 koronavirusidan zararlanishning ilk holatlari qayd etildi. Bu davlatlardagi holatlar Eronda virus tarqalishi avj olishi bilan bog‘liq. Eron virus qurbonlari soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni band etmoqda.

Foto: AFP

Eron koronavirus tarqalishining yana bir o‘chog‘iga aylangan. Afg‘oniston, Bahrayn, Ummon va Kuvaytda rasmiylar shu kunlarda Eronning Qum shahrida bo‘lib qaytgan fuqarolarida yangi tipdagi koronavirus aniqlangani haqida ma'lumot bergan.

Iroq sog‘liqni saqlash vazirligi esa mamlakat janubidagi Najaf shahrida bir keksa eronlikda hamda bir iroqlik talabada koronavirus aniqlangani haqida ma'lumot berdi.

Ozarboyjonda ikki kishi koronavirus yuqtirgani gumonlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan biri Eron fuqarosi, ikkinchisi yaqinda Erondan kelgan ozarboyjonlikdir. Ular bilan aloqada bo‘lgan fuqarolarning ham harorati o‘lchanmoqda.

Ma'lumot olish qiyin bo‘lgan ushbu mamlakatda koronavirus qachon tarqalgani ham ma'lum emas.

Qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin

24 fevral kuni Eronning yarim rasmiy ILNA axborot agentligi Qum shahrida shu oyda yangi koronavirus keltirib chiqargan xastalikdan kamida 50 kishi nobud bo‘lgani, virusdan zararlanishning ilk holati rasmiy ma'lumotlarda aytilayotganidek 19 fevralda emas, uch hafta muqaddam qayd etilgani, o‘lim holatlari esa 13 fevral kunidan boshlangani haqida xabar tarqatdi.

Eronda 61 kishida Covid-19 koronavirusi aniqlangan / EPA

Nashr bu ma'lumotga manba sifatida Qum shahridan bo‘lgan deputat Ahmad Amirobodiy Farahoniyning so‘zlarini keltirgan. U Qumda kamida 250 kishi karantinda saqlanayotganini qo‘shimcha qilgan.

Eron rasmiylarining so‘nggi ma'lumotlarida esa virusdan zararlanishning 64 holati va 12ta o‘lim holati keltirilmoqda. Shuningdek, 900ga yaqin kishi koronavirus yuqtirgani taxmini bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Iraj Harirchi qumlik deputatning so‘zlarini inkor etdi va agar u aytgan ma'lumotning yarmi ham tasdiqlansa, iste'foga chiqishga va'da berdi.

«Men bu ma'lumotni qat'iyan rad etaman. Hozir siyosiy qutblashish vaqti emas. Koronavirus - milliy muammo. 50 qurbon haqida aytdingiz, siz qurbonlarni nomma-nom sanang-chi. 50 kishi haqida gapirmoqdasiz, ammo men to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaman, agar Qumda virusdan halok bo‘lganlar soni shuning yarmicha bo‘lsa ham men iste'foga chiqaman», degan u televideniye orqali jonli efirga berilgan matbuot anjumani vaqtida.

Hukumat rasmiylaridan yana biri Ali Rabiy Covid-19 koronavirusi bilan bog‘liq rasmiy raqamlar shaffofligi haqida aytib o‘tdi.

Ammo Ahmad Amirobodiy o‘z gapida qat'iy turibdi.

«Men vazir o‘rinbosariga 40 kishining (virus oqibatida halok bo‘lgan) ro‘yxatini berdim. Endi uning iste'fosini kutmoqdaman», degan u.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, infeksiya o‘chog‘i shialar uchun muqaddas hisoblangan Qum shahri bo‘lib, bu yerda qayd etilgan bemorlar soni 34 kishi. Tehronda ham o‘ndan ortiq kishidan virus aniqlangan.

Hukumat ehtiyot chorasi sifatida bir qator viloyatlarda maktablar, universitetlar va boshqa o‘quv muassasalarini yopgan, shuningdek, madaniy tadbirlar bekor qilingan.

Eron parlamenti bosh kotibi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Said Namakiyga asoslanib xabar qilishicha, Eronda virus tarqalishiga mamlakat hududiga Pokiston, Afg‘oniston va Xitoydan noqonuniy ravishda kirib kelishlar sabab bo‘lgan.

Qum - Hazrat Mas'um qabri joylashgan, shialar uchun muqaddas hisoblanadigan shahar / REUTERS

Yakshanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri televideniyedagi chiqishida Qumda virus oqibatida vafot etganlardan biri doimiy ravishda Xitoyga qatnab kelgan savdogar edi.

U mamlakat fuqarolarini vaqtinchalikka Qumga bormay turishga chaqirmoqda.

Tehrondan 120 kilometr janubda joylashgan Qum shahri mintaqadagi shialar uchun diniy ta'lim markazi sifatida mashhur hisoblanadi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakat qurolli kuchlari koronavirusga qarshi kurashga jalb etilishi, Islom respublikasi bu xavfni minimal yo‘qotishlar bilan yengib o‘tishga harakat qilishini ma'lum qildi.

«Jamoatchilikning salomatligi uchun hamma davlat organlari, qurolli kuchlari, jamoat tashkilotlari barcha zarur choralarni ko‘radi. Biz imkon qadar kamroq yo‘qotishlar bilan eng qisqa fursatda kasallik ustidan nazorat o‘rnatishni maqsad qilganmiz», dedi u.

Boshqa mamlakatlar qanday choralar ko‘rmoqda?

JSST koronavirus tarqalishini pandemiya sifatida tan olishi mumkin / EPA 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreysus Erondagi vaziyatdan xavotirlarini bildirdi. 

«Biz Eron, Italiya va Koreya Respublikasida virus tarqalishi tezlik bilan davom etayotganidan juda tashvishdamiz», dedi u Stokholmdagi matbuot anjumani vaqtida.

Virus bilan kasallangan eronlik sayohatchilar Kanada, Livan, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahraynda ham aniqlangan. 

Shusiz ham AQSh bilan munosabatlari tufayli diplomatik va iqtisodiy jihatdan izolyatsiya qilingan Eronni yanada qiyin davrlar kutmoqda. Chunki ko‘plab davlatlar eronliklar uchun o‘z chegaralarini yopmoqda.

Tarqalayotgan so‘nggi xabarlar ortidan 23 fevral kuni mintaqadagi davlatlar Eron bilan chegaralarni yopishga va aviaqatnovlarni to‘xtatishga kirishdi. Jumladan, Turkiya Erondan keluvchi samolyotlar uchun havo hududini yopdi, lekin turk samolyotlari Eronga uchishda davom etadi. Armaniston ham xuddi shunday choralar qo‘lladi - Eron bilan chegaralar ikki hafta muddatga yopilgan, bu davlat bilan aviaaloqa to‘xtatilgan.

Eronning sharq tomondagi qo‘shnilari Pokiston va Afg‘oniston ham chegaralarni yopib qo‘ydi. Gruziya Eron bilan aviaaloqani cheklagan, Gruziya aviakompaniyalari mamlakat hududida bo‘lib turgan eronlik sayyohlarni vataniga qaytarishga tayyor.

24 fevral kungi xabarlardan keyin esa Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Iroq va Bahrayn Eron hududidan kirib kelishda cheklovlar o‘rnatdi.

Kuvayt Erondan 750ga yaqin fuqarosini evakuatsiya qilmoqda va Eron kelishuvga zid ravishda o‘z tibbiyot xodimlari tomonidan sayohatchilarni chiqish terminalida tekshirishni man etganidan so‘ng, ular mamlakatga kirishda tahlildan o‘tishmoqda. 

Tojikiston aviakompaniyalariga ham 25 fevraldan Eron bilan aviaaloqani to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

O‘zbekiston ham Afg‘oniston bilan chegarasini koronavirus sabab yopishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

So‘nggi ma'lumotlar
O‘tgan yil dekabr oyi oxirida ilk marta Xitoyda aniqlangan va butun mamlakatni qamrab olgan koronavirus so‘nggi kunlarda Janubiy Koreya, Italiya va Eronda yangi o‘choqlar hosil qilgani - virusning global tarqalishida yangi bosqich boshlanganini anglatishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus yuqtirganlar soni 79 mingga yaqinni tashkil qilmoqda, qurbonlar soni 2600dan oshib ketdi. Xitoydan tashqari jahonning 30dan ortiq davlatida jami 1200ta virusdan zararlanish holati aniqlangan va 20ta o‘lim holati qayd etilgan.

Bi-bi-sining tibbiy korrespondenti Fergus Uolsh sog‘liqni saqlash sohasidagi ekspertlar koronavirus epidemiyasi global pandemiya darajasiga o‘tishining oldini olishga kech bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top