08:31 / 17.03.2020
4127
Finlyandiya va Shveytsariya koronavirus epidemiyasi sababli favqulodda holat e'lon qildi

Finlyandiya va Shveytsariya koronavirus epidemiyasi sababli favqulodda holat e'lon qildi. Jumladan, Shveytsariya bir qator karantin chora-tadbirlarini va chegaralarda nazoratni joriy qilmoqda. Finlyandiyada ham koronavirus pandemiyasiga qarshi bir qator qo‘shimcha choralar kiritilmoqda.

Foto: Keystone / Elia Bianchi

Finlyandiya o‘z chegaralarini yopib, xorijdagi fuqarolarini uyga qaytishga chaqirgan. 70 yoshdan katta fuqarolar uylarida karantinda qolishlari kerak.

Shuningdek, 10 kishidan kattaroq tadbirlar taqiqlandi. Odamlarning harakatlanishi “hayot va sog‘liqqa jiddiy xavf sababli” cheklanishi mumkin. Shifoxona va qariyalar uylariga tashriflar taqiqlanadi, davlat sektori xodimlari masofadan ishlaydi.

Bundan tashqari, maktablar va universitetlar 18 martdan yopiladi, ammo bog‘chalar ishlashda davom etadi. Yangi choralar 18 martdan kuchga kirib, 13 aprelgacha davom etadi.

O‘z navbatida Shveytsariya ham favqulodda holat rejimini kiritmoqda. Mamlakatda 19 martdan barcha ommaviy va xususiy tadbirlar taqiqlanadi. 

Favqulodda holat hukumatga umummilliy, ya'ni bancha kantonlar uchun bir xil choralar qabul qilish imkonini beradi.  

Shuningdek, barcha restoran, bar, do‘kon, bozorlar, muzey, kutubxona, kinoteatr, konsert zali, teatr, sport markazi, basseynlar kabi tomosha va hordiq joylari yopiladi.

Ayni vaqtda Finlyandiyada kasallanganlar soni 278 nafarni tashkil qilmoqda, o‘lim holatlari qayd qilinmagan. Shveytsariyada esa kasallanganlar soni 2353 nafarni, vafot etganlar soni 19 nafarni tashkil qilmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top