20:53 / 21.03.2020
7061
Bugungi kunda Aliekspressdan mahsulot buyurtma qilish mumkinmi?

Bugun axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Foto: SOPA Images

Vazir o‘rinbosari brifing davomida ko‘pchilikni qiziqtirgan qator savollarga javob qaytardi. Qahramon Yuldashev jumladan, Aliekspress onlayn platformasidan mahsulot buyurtma qilish bo‘yicha savolga javob berdi.

“Ha, mumkin. Xitoy hukumati komissiyasining qaroriga binoan 4 fevraldan 4 martgacha pochta jo‘natmalarini jo‘natish taqiqlangan edi. Hozirgi vaqtda esa Xitoy bilan pochta almashinuvi Qozog‘iston orqali yer usti transporti orqali amalga oshirilmoqda. Aliekspress orqali buyurtma qilingan pochta jo‘natmalari, yetkazib berish vaqtida biroz kechikish mumkin. Bir qator mamlakatlarda parvozlarning bekor qilinishi munosabati bilan pochta orqali asosan yer usti transporti orqali amalga oshirilmokda”, dedi vazir o‘rinbosari. 

Uning ma'lumot berishicha, "O‘zbekiston pochtasi" va "Qozog‘iston pochtasi" o‘rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan pochta jo‘natmalarini (jumladan Aliekspress buyurtmalarini) yuk mashinalari orqali Qozog‘iston orqali tranzit qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

“Pochta jo‘natmalari va ularni jo‘natish sanitariya-epidemiologiya standartlariga muvofiq amalga oshiriladi, shuning uchun qabul qiluvchilarni tashvishga soladigan hech qanday sabab yo‘q”, dedi Qahramon Yuldashev.

U shuningdek, xalqaro pochta jo‘natmalari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ham ma'lumot berdi.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 20 martdan boshlab Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Angliya, Gretsiya, Germaniya, Daniya, Italiya, Irlandiya, Ispaniya, Kipr, Lyuksemburg, Latviya, Malta, Niderlandiya, Portugaliya, Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Slovakiya, Fransiya, Finlyandiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya, Estoniya, Ukraina, Xitoy, Litva, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya kabi davlatlar pochta aloqalari to‘liq tiklandi. Bunda pochta yer usti transporti bilan Qozog‘istonga yetkaziladi va keyin Yevropa va Xitoyga jo‘natiladi. 

“Transport aloqalari tiklanishiga qarab ushbu davlatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritib boriladi. Kiritilgan o‘zgarishlar haqidagi xabarlar ma'lum qilib boriladi”, dedi Yuldashev.

Top