13:25 / 15.04.2020
7032
Ayrim fuqarolar avtobus haydovchilarini uy yo‘laklarigacha olib borishga yoki tor ko‘chalardan yurishga majbur qilmoqda - «Toshshahartransxizmat»

Murakkab sharoitda ko‘rsatilayotgan transport xizmati bilan bog‘lik muammolar yuzaga kelsa, jamiyatning 1062 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin

Foto: Toshshahartransxizmat

Karantin davrida muddatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni karantin hududidan olib chiqish va ularni markazlashgan tartibda yashash manzillariga yetkazish hamda shahardagi boshqa klinikalardan qariyb 7 mingga yaqin fuqarolarni karantin hududiga olib borishga "Toshshahartransxizmat"ning 200 dan ortiq avtobuslari xizmat qilib kelmoqda. Bu haqda jamiyat xabarida aytilgan.

Bildirilishicha, xorijdan olib kelingan 5 mingga yaqin fuqarolarni karantin hududlariga olib borishga qariyb 170 ta avtobus ajratildi.

“Albatta, mazkur xizmatni tashkil etishda, avtobuslarning texnik hamda sanitariya holatini talab darajasiga keltirishda jamiyatning yuzlab ishchi xodimlari tinimsiz mehnat qilmoqda. Yuzlab haydovchilar sog‘liqlarini xavf ostiga qo‘yib kasallik o‘choqlariga kirib bormoqda.

O‘z o‘rnida ta'kidlash lozimki, karantin muddatida kasallikning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan har bir sa'y-harakatni qadrlash, shunga monand munosabat bildirish lozim. 

Jumladan, ko‘rsatilayotgan avtobus xizmatlaridan oqilona foydalanishimiz, transport vositalarini asrab-avaylashimiz shart. Manzillariga yetkazilayotgan ayrim fuqarolar avtobuslarni uy yo‘laklarigacha olib borishlari yoki katta hajmdagi transport vositalarini tor ko‘chalardan yurishga majbur qilish holatlarining uchrayotgani boshqa yo‘lovchilar xavfsizligiga raxna solish bilan birga, ba'zan avtobuslarning shikastlanishiga ham olib kelmoqda. Ana shunday holatlarda haydovchi va fuqarolar o‘rtasida tushunmovchiliklar ham yuzaga kelmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, ayni kundagi murakkab sharoitda ko‘rsatilayotgan transport xizmati bilan bog‘lik muammolar yuzaga kelsa, jamiyatning 1062 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

Top