22:40 / 17.05.2020
45109

Afg‘onistonda qo‘shhokimlikka barham berildi

Afg‘oniston prezidenti Ashrif G‘ani o‘zining siyosiy raqibi Abdulloh Abdulloh bilan hokimiyatni bo‘lib olish bo‘yicha kelishuv tuzdi.

Foto: AFP/GETTY IMAGES

O‘tgan yilning sentabr oyidagi prezidentlik saylovlaridan keyin ikki nomzod ham prezidentlik uchun qasamyod qilgandi: amaldagi prezident Ashraf G‘ani ham, mamlakat bosh vaziri Abdulloh Abdulloh ham saylovda g‘alaba qozonganini e'lon qilgandi.

Afg‘oniston markaziy saylov komissiyasi G‘ani saylovda kichik farq bilan g‘alaba qozonganini ma'lum qilgandi, ammo Abdulloh natijalar soxtalashtirilganini aytgandi.

Mart oyida ikki nomzod ham bir vaqtda inauguratsiya marosimini o‘tkazdi, o‘sha vaqtdan buyon siyosatchilar muzokara o‘tkazib kelayotgandi. Endi ular tuzgan kelishuvga ko‘ra, G‘ani prezidentlik lavozimini saqlab qoladi, ammo Abdulloh ham hukumatni shakllantirishda xuddi davlat rahbarinikiga teng vakolatlar saqlab qoladi - ikki siyosatchi ham teng miqdorda vazirlarni tayinlash huquqiga ega bo‘ladi.

Reuters agentligi xabar qilishicha, ikki siyosatchining ta'sir doirasini belgilash bo‘yicha muzokaralari davom etadi.

Shu tariqa, Afg‘onistonda prezidentlik saylovlarigacha bo‘lgan balans tiklandi.

«Tolibon» harakati bilan muzokaralar tiklanadigan bo‘lsa, hukumat nomidan Abdulloh Abdulloh ishtirok etadi.

«Tarixiy kun»

Kelishuv imzolangach, asli ko‘z shifokori bo‘lgan Abdulloh tvitterda ushbu bitim «tinchlik sari yo‘l ochish, boshqaruvni takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilish» uchun tuzilganini qayd etib o‘tdi.

«Endi biz millat sifatida birlashishimiz va amaliy yechimlarga intilishimiz kerak», deya yozgan bosh vazir.

«Doktor Abdulloh milliy yarashuv bo‘yicha oliy kengashga rahbarlik qiladi va uning jamoasi a'zolari vazirlar mahkamasi tarkibiga kiritiladi. Qolgan tafsilotlar yaqin orada ma'lum qilinadi», deya yozgan G‘anining matbuot kotibi Sodiq Sodiqiy.

«Bugun Afg‘onistonimiz uchun tarixiy kun. Afg‘onlar milliy manfaatlarga sodiq ekanliklari va bu haqda birgalikda qayg‘urishlarini ko‘rsatishdi», degan G‘ani kelishuv imzolanishi marosimida.

Prezident va bosh vazir ziddiyati ayniqsa AQSh tomoni noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgandi. Abdulloh va G‘ani avvalroq AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning mart oyidagi Kobulga tashrifidan keyingi muzokaralarda kelisha olishmagandi.

Vashington ushbu ziddiyat tufayli AQShning Afg‘onistonga mo‘ljallangan 1 mlrd dollar miqdoridagi yordam paketi muzlatilishini ma'lum qilgan.

Yakshanba kuni Pompeo tvitterdagi sahifasida G‘ani va Abdulloh o‘rtasidagi kelishuvni olqishlashi haqida yozdi. Ammo hozircha bu Amerikaning Kobulga yordami tiklanishini kafolatlamaydi.

G‘ani va Abdulloh o‘rtasidagi kelishuv jangarilar tomonidan Kobuldagi tibbiyot muassasasiga uyushtirilgan, 24 kishi, jumladan 18 ayol va 2 chaqaloq o‘limiga sabab bo‘lgan hujumdan ko‘p vaqt o‘tmay tuzilmoqda.

12 may kuni sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni hozircha hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi.

So‘nggi oy davomida Afg‘oniston hukumati toliblar bilan tinchlik muzokaralarini tiklashga urinib kelayotgandi, muzokaralar aprel oyida to‘xtab qolgandi. «Tolibon» vakillari muzokaralarni «samarasiz» deb atab, unda ishtirok etishdan voz kechgandi.

Ma'lum qilinishicha, tinchlik jarayoni to‘xtashiga toliblar va AQSh o‘rtasida 29 fevral kuni imzolangan kelishuvda aks etgan asirlar almashinuviga amal qilinmagani sabab bo‘lgan. Ikki tomon ham asirlarni almashish orqali tinchlikka erishishga yaqin turgandi, ammo toliblar afg‘on hukumati bitim shartlariga amal qilishni ortga surganini ma'lum qildi, o‘z navbatida rasmiy Kobul toliblarni uddalab bo‘lmas talablar qo‘yishda aybladi.

 

Top