21:32 / 18.05.2020
29651

Oqdaryolik shifokor ustidan ochilgan jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan bekor qilindi

Samarqand viloyatida 34 kishining Covid-19`ga chalinishiga sabab bo‘lganlikda ayblangan shifokorga nisbatan viloyat IIB qo‘zg‘atgan jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan to‘xtatildi.

Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudiri vazifasida ishlagan shifokor ustidan jinoiy ish ochilgach, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bu qarorni asossiz deb hisoblab, Bosh prokurorga murojaat yo‘llagan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura ushbu jinoyat ishini bekor qilgan. Bu haqda 18 may kuni SSV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev xabar qildi.

«Bugun ushbu murojaat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan javob xati keldi. Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganish jarayonida X.D.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘tkazilmasdan, barcha holatlar to‘liq tekshirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini aniqlagan.

Shunga ko‘ra, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror Bosh prokuratura tomonidan bekor qilingan», deyiladi xabarda.

Ayblov

Shifokor tergovga tortilgani haqida 13 may kuni xabar qilingan edi.

Viloyat prokuraturasi bergan ma'lumotga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelgan X.D.ning sog‘ligida 20 apreldan o‘zgarish boshlangan: u o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39°S gacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi Covid-19 belgilarini his qilgani holda shu kundan uy sharoitida davolana boshlagan.

«X.D. shifokor bo‘la turib o‘zi koronavirus infeksiyasi kasalligiga chalinganini gumon qilgan bo‘lsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 20 apreldan 27 aprelga qadar tegishli tartibda tez tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan, yashirincha o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgan.

Oqibatda, X.D. belgilangan tartibda o‘zini va boshqalarni himoyalash, kasallik yuqtirmaslik choralarini ko‘rmasdan, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar kishiga, shuningdek ular orqali yana 23 kishiga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar kishi Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan», – deyilgan edi viloyat prokuraturasi axborotida.

Himoya

15 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining bo‘lim mudiri X.D.ga nisbatan jinoiy ish ochilganini asossiz deb ta'kidlab chiqdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi mazkur qarorni quyidagi asoslarga ko‘ra bekor qilinishi lozim deb hisoblaydi.

Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi  fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan.

Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus sub'yekt bo‘lish talab etilmaydi. Aniqrog‘i, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda ko‘rsatilmagan. Aytmoqchi bo‘lganimiz, tana harorati oshganligini bila turib, shifokorga murojaat etmasdan o‘zgaga infeksiya yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, nega unda yuzlab holatlarda qonunning bunday  kuchidan foydalanilmadi? Nimaga aynan tibbiyot xodimiga kelganda qonunni bunday talqin qilish mumkinligi esimizga tushib qoldi?

Masalan, yaqinda samarqandlik juda katta tadbirkorning farzandi ko‘pchilikka xuddi shunday sharoitda koronavirus yuqtirganligi haqida internetda ma'lumotlar tarqalgan edi. Nima uchun ushbu holatda qonunning shu me'yoridan  foydalanilmadi?

Qolaversa, qonunchiligimizda tana harorati oshgan fuqaro, xoh u tibbiyot xodimi bo‘lsin, xoh boshqa koronavirusga analiz topshirmasa jinoiy javobgarlikka tortiladi, degan majburiyat hali o‘rnatilgani yo‘q.

Yuqoridagi holatda tibbiyot xodimi hisoblangan X.D. koronavirus infeksiyasini juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28 aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq bo‘lganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. Bungacha u ushbu infeksiyani yuqtirib olganini bilmagan va bilishi mumkin ham bo‘lmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak bo‘ladi.

To‘g‘ri, Sog‘liqni saqlash vazirligi X.D.ning o‘z sog‘ligiga nisbatan beparvo bo‘lib, kimlarnidir xavf ostida qoldirganligini oqlamoqchi emas. Shu bilan birgalikda, vazirlik mazkur holatda X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror asossiz, deb hisoblaydi», degan edi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top