13 may kuni Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati viloyatdagi tibbiyot xodimlardan biri 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgani, unga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma'lumot tarqatdi.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarida qarama-qarshi fikrlar va noroziliklarni keltirib chiqardi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 12 may kuni Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining bo‘lim mudiri X.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 257-1-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi mazkur qarorni quyidagi asoslarga ko‘ra bekor qilinishi lozim deb hisoblaydi.
Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan.
Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus sub'yekt bo‘lish talab etilmaydi. Aniqrog‘i, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda ko‘rsatilmagan. Aytmoqchi bo‘lganimiz, tana harorati oshganligini bila turib, shifokorga murojaat etmasdan o‘zgaga infeksiya yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, nega unda yuzlab holatlarda qonunning bunday kuchidan foydalanilmadi? Nimaga aynan tibbiyot xodimiga kelganda qonunni bunday talqin qilish mumkinligi esimizga tushib qoldi?
Masalan, yaqinda samarqandlik juda katta tadbirkorning farzandi ko‘pchilikka xuddi shunday sharoitda koronavirus yuqtirganligi haqida internetda ma'lumotlar tarqalgan edi. Nima uchun ushbu holatda qonunning shu me'yoridan foydalanilmadi?
Qolaversa, qonunchiligimizda tana harorati oshgan fuqaro, xoh u tibbiyot xodimi bo‘lsin, xoh boshqa koronavirusga analiz topshirmasa jinoiy javobgarlikka tortiladi, degan majburiyat hali o‘rnatilgani yo‘q.
Yuqoridagi holatda tibbiyot xodimi hisoblangan X.D. koronavirus infeksiyasini juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28 aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq bo‘lganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. Bungacha u ushbu infeksiyani yuqtirib olganini bilmagan va bilishi mumkin ham bo‘lmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak bo‘ladi.







