Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati viloyatdagi tibbiyot xodimlardan biri 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgani, unga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, viloyat hududida Covid-19 keltirib chiqaruvchi koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish va uning manbasini aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot xodimlari hamkorligida tuzilgan «Ishchi guruh» a'zolari tomonidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilgan.
Surishtiruv yakunlariga ko‘ra, fuqaro X.D. tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelib, joriy yilning 20 aprel kunidan sog‘ligida o‘zgarish boshlanib, o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39°S gacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi Covid-19 infeksiyasi kasalligi belgilarini his qilgani holda ushbu kundan uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.
X.D. shifokor bo‘la turib o‘zi koronavirus infeksiyasi kasalligiga chalinganini gumon qilgan bo‘lsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 20 apreldan 27 aprelga qadar tegishli tartibda tez tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan, yashirincha o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgan.
Oqibatda, X.D. belgilangan tartibda o‘zini va boshqalarni himoyalash, kasallik yuqtirmaslik choralarini ko‘rmasdan, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar kishiga, shuningdek ular orqali yana 23 kishiga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar kishi Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan.
X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Qayd etish kerakki, Samarqand viloyati so‘nggi kunlarda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq yangi holatlar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Koronavirus infeksiyasi yuqtirib, hali tuzalmagan bemorlar soni bo‘yicha ham viloyat so‘nggi o‘rinlardan birida turibdi.








