22:18 / 21.05.2020
12391
Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun hujjat topshirgan fuqarolardan suratga tushish talab etilmasligi mumkin – DXA

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun hujjat topshirgan fuqarolardan suratga tushish talab etilmasligi mumkin. Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, suratlar pasport ma'lumotlari bazasidan olinishi kutilmoqda.

Endi Andijon va Xorazmda ham haydovchilik guvohnomalarini davlat xizmatlari markazlarida yangilash mumkin – DXA

“Tez kunlarda yana bir qulaylik ishga tushirilishi kutilmoqda. Ya'ni, eski haydovchilik guvohnomasini endi markazda faqatgina bitta operator emas, balki elektron plansheti mavjud va maxsus dasturga ulangan istalgan operator almashtirib berishi mumkin bo‘ladi. Ya'ni, Markaz xodimi fuqaroni rasmga tushirish uchun vaqt sarflamasdan, uni pasportga tushirilgan suratlar bazasidan olishi mumkin bo‘ladi.

Bu esa aynan haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati uchun DXMga murojaat qilganlarning navbatini oldini oladi.

Hozircha mazkur qulaylikni haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun maxsus uskuna mavjud mamlakatimiz bo‘ylab 20 ta Davlat xizmatlari markazlarida joriy etish rejalashtirilmoqda”, deyiladi agentlik saytida e'lon qilingan xabarda.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasidan qachongacha foydalanish mumkin?

DXA axborot xizmatiga ko‘ra bu yangilik haydovchilik guvohnomasini qisqa muddatda va ortiqcha ovoragarchiliksiz almashtirish imkonini beradi. Avvalroq O‘zbekiston bo‘ylab 20 ta davlat xizmatlari markazi orqali eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati joriy qilingani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb topiladi. Shu sababli 2020 yil 31 dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirilishi kerak.

Eski guvohnomani yangisiga almashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdoridagi pul (156 100 so‘m), pasport va eski haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi.

Top