19:18 / 10.06.2020
23713
OTMlarga sirtqi bo‘lim uchun qabul sanasi haqida ma'lumot berildi

Bugun, 10 iyun kuni AOKA huzuridagi shtabda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdusamad Mamanazarov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlari to‘g‘risidagi savollarga javob berildi.

Brifingda OTMlarga sirtqi bo‘limlar uchun qabul boshlanish sanasi haqida ham ma'lumot berildi. Unga ko‘ra, sirtqi bo‘limga hujjatlar kunduzgi bo‘lim kabi 15 iyundan 15 iyulga (shu kuni ham) qadar qabul qilinadi.

Abdusamad Mamanazarov karantin davrida jismoniy tarbiya yo‘nalishida normativlarni topshirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi haqida ham gapirdi.

“Kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta'lim yo‘nalishlari uchun imtihonlar karantin, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etgan holda 11 iyuldan 20 iyulga qadar, alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlari uchun esa 25 iyuldan 10 avgustgacha o‘tkaziladi.

Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Ijodiy va test imtihonlari (pedagogik ta'lim yo‘nalishi) asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda esa ijodiy imtihonlarning faqat bittasi (maxsus jismoniy tayyorgarlik) saqlab qolinadi va qo‘shimcha test topshiriladi. Abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzog‘i bir soat ichida topshirishadi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida imtihonlar kasbiy (ijodiy) hamda kasbiy (ijodiy)+test yo‘nalishida tashkil etiladi. To‘liq ijodiy imtihon asosida talabalikka qabul qilinadigan yo‘nalishlarda abituriyentlar shu paytga qadar maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikdan tashqari suzish bo‘yicha ham imtihon topshirishar edi. Joriy yilgi qabul mavsumida abituriyentlar faqat maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihon topshiradi, sportning suzish turi bo‘yicha imtihon olib tashlandi”, - dedi Mamanazarov.

Ma'lum qilinishicha, alohida iqtidor talab etiladigan hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud ta'lim yo‘nalishlariga kirishda abituriyentlar faqatgina bitta ta'lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Top