10:25 / 06.07.2020
25380

Generalning o‘ldirilishi, impichment, mojaroli kitob. Tramp saylovda yutqazishi uchun 7 sabab

AQSh shunchalik ajoyib davlatki, turli kasbdagi insonlar prezident bo‘la oladi. Masalan, 40-prezident Ronald Reyganning kasbi aktyor bo‘lgan, Barak Obama esa huquqshunos edi.

Foto: Reuters

XXI asrda dunyo AQSh prezidentlari bilan bog‘liq ikkita diqqatga molik hodisaga guvoh bo‘ldi. Birinchisi –  mamlakatda nihoyat afroamerikalik prezident bo‘ldi. Ha, kechagina, XX asrning 70-yillarigacha qora tanlilarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan, qonun bilan ularning haq-huquqlarini cheklab qo‘ygan AQShda XXI asrga kelib qora tanli inson prezident bo‘ldi. Ikkinchi e'tiborli voqea – milliarder odamning AQSh prezidenti bo‘lganidir. Ya'ni, Donald Tramp.

To‘g‘ri, AQSh tarixida boy prezidentlar avval ham bo‘lgan, ammo ularning orasida milliarderi yo‘q edi. Shu jihatdan Trampning AQSh prezidenti bo‘lishi noodatiy hodisa bo‘ldi. Bu milliarder-prezident Finlyandiya mustaqil davlat ekanini, Buyuk Britaniyada yadro quroli borligini bilmaydigan darajada «dono» bo‘lishi undan-da noodatiy voqea. Axir AQSh prezidenti bo‘lgan insonlarning aksariyati qanchalik yuksak bilimli bo‘lganiga tarix guvoh.

Tramp prezidentlikka kelganidan buyon g‘alati gaplari, bayonotlari, qarorlari bilan ko‘pchilikning hayratlanishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Masalan, AQShning YuNeSKO safidan chiqib ketishi haqida gapiradigan bo‘lsak, u Barak Obama davrida boshlangan jarayonni ijobiy tugatib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramasdan, aksincha vaziyatni murakkablashtirib yubordi. Yoki bo‘lmasa, Xitoy bilan iqtisodiy urush mamlakatga faqat zarar keltirdi.

Tramp o‘tgan yil yana bir jiddiy mojaroga o‘ralashib qoldi – unga impichment xavf soldi. AQSh prezidenti joriy yilda ham bir qancha sinovlarni boshidan o‘tkazyapti va ularning aksariyati Tramp uchun noxushlik bilan tugamoqda. Quyida so‘nggi ikki yilda Trampning reytingini tushirgan voqealarni eslaymiz.

Xitoy bilan savdo urushi

Tramp Xitoy bilan savdo urushini 2018 yilda boshladi. O‘shanda u Xitoy kompaniyalarini AQSh bilan savdo munosabatlarida g‘irromlik qilishda ayblab chiqdi va Chin yurtidan keladigan mahsulotlarga bojni oshira boshladi. Albatta, Xitoy tomoni ham qarab turmadi va AQShdan Xitoyga kirib keladigan mahsulotlarga boj joriy qildi. O‘shangacha AQSh mahsulotlari Xitoyga bojsiz kirgan.

Ammo kuchlar teng emasdi. Gap shundaki, 2015-2017 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi yiliga 600-700 milliard dollarni tashkil etgan va bunda Xitoy musbat saldoga ega bo‘lgan. Aniq raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, savdo aylanmasining 500-550 milliard dollari Xitoy eksportiga, atigi 100-150 milliard dollari AQSh eksportiga to‘g‘ri kelgan. Bu ham Trampning Xitoy mahsulotlariga bojni oshirishiga sabab bo‘lgandir.

Qo‘llangan «choralar» sabab 2018-2019 yillarda Xitoyning AQShga eksporti biroz pasaydi. Ammo norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy 2018-2019 yillarda ham AQShga avvalgi yillardan kam bo‘lmagan eksportni amalga oshirgan. Ya'ni, boj to‘lashi lozim bo‘lgan Xitoy mahsulotlari AQShga Hongkong va Vetnam mahsulotlari bo‘lib kirgan.

Trampning Xitoy mahsulotlariga bojni oshirish haqida qarorlari AQSh aholisining barcha qatlamlariga ham birday yoqqani yo‘q. Sababi joriy etilgan o‘sha bojlar ortidan AQShda sotiladigan Xitoy mahsulotlarining narxi sezilarli oshdi va bu holat ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu urush har qanaqasiga AQSh iqtisodiyotini nostabillikdek xavf bilan yuzlashtirdi.

Impichment

2019 yilda Trampga impichment xavf soldi. Sal qolsa u AQSh prezidentligidan mosuvo bo‘lardi. Quyi palata prezidentga ishonchsizlik bildirib, impichment e'lon qildi. Trampning tarafdorlari ko‘p bo‘lgan va hal qiluvchi qarorni qabul qiluvchi Kongress esa impichmentni tasdiqlamadi.

Agar AQSh tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Trampgacha mamlakat tarixida ikki marta impichment hodisasi ro‘y bergan. Birinchisi AQShni 1865-1869 yillarda boshqargan 17-prezident Endryu Jonson bilan, ikkinchisi 1993-2000 yillarda mamlakatni boshqargan 42-prezident Bill Klinton bilan ro‘y bergan. Tramp bu borada uchinchi bo‘ldi. Har uchala holatda ham Senat impichmentni to‘xtatib qolgan. Shuningdek, 1974 yil AQShning 37-prezidenti Richard Nikson unga impichment e'lon qilinishi arafasida iste'fo bergan va shu tariqa jarayondan qutulib qolgandi.

Trampga Ukraina prezidentiga bosim o‘tkazgani uchun impichment e'lon qilindi. Tramp 2019 yil 25 iyulda Vladimir Zelenskiy bilan uchrashganda undan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi aksilkorrupsiyaviy ish bilan shug‘ullanishni so‘ragan. Tramp Ukrainaga moliyaviy yordam ajratilishi ushbu mamlakatda Xanter Baydenga qarshi ish qayta boshlanishiga bog‘liqligiga ishora qilgan.

Gap shundaki, Trampning raqibi demokratchilar partiyasidan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden 2014 yildan 2019 yilgacha Ukrainadagi Burisma neft va gaz kompaniyasi direktorlari kengashi a'zosi bo‘lgan. AQSh prezidentining da'vo qilishicha, u Ukrainadagi korrupsion tizimga aralashgan.

O‘sha yillarda Jo Bayden AQSh prezidenti ma'muriyatida Ukraina masalalari bo‘yicha vakil lavozimida ishlardi. Kongressdagi respublikachilarning da'vosiga ko‘ra, Bayden Ukrainada o‘z o‘g‘liga qarshi korrupsion mojaro bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlashi kerak bo‘lgan huquq-tartibot organlari xodimlarining ishdan bo‘shatilishini ta'minlagan. Ammo bu da'vo o‘z isbotini topmadi.

Demokratlar Trampning Zelenskiyga bosim o‘tkazishga urinishini xorijiy davlatni AQShdagi saylovlar jarayoniga aralashishga chorlash sifatida baholashdi. Shu tariqa, unga nisbatan impichment e'lon qilindi. Kongressdagi ovoz berish jarayoni Tramp foydasiga yakunlangan bo‘lsa-da, baribir bu hodisa AQSh prezidentining reytingi tushishiga sabab bo‘ldi.

Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi

2020 yilning 2 yanvar kuni dunyo siyosatining oyog‘ini osmondan qilgan voqea sodir bo‘ldi. AQSh harbiylari Eron mudofaa tizimidagi eng muhim shaxs inqilob muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishdi. Bu voqea AQShni urush yoqasiga keltirib qo‘ydi. Dunyoda uchinchi jahon urushi boshlanishi borasida gaplar paydo bo‘ldi. Yo‘q, faqat gaplar paydo bo‘lmadi, chindan urush xavfi yuzaga keldi. Axir birinchi jahon urushi ham bir qotillikdan keyin boshlanib ketgandi.

Kim kimdan qo‘rqdi bilmadik, ammo nima bo‘lganda ham Eron va AQSh o‘rtasida urush bo‘lmadi. Barchasi Eronning AQSh harbiy bazasiga namoyishkorona hujumi bilan yakunlandi. Trampning shaxsiy buyrug‘i bilan Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishidan amerikaliklar «Qarang, bizning prezidentimiz qanday qat'iyatli» deb faxrlanishmadi. Aksincha, bu voqea mamlakatni urush yoqasiga keltirib qo‘ygani uchun Trampga ishonchsizlik oshdi. Eng asosiysi – bu ish Kongress roziligisiz amalga oshirilgandi.

Koronavirus

2019 yilning so‘nggi kunlarigacha boshi balodan chiqmagan Tramp uchun 2020 yil ham yomon boshlandi. Avvaliga Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Amerikani siyosiy murakkab holatga keltirgan bo‘lsa, mart oyiga kelib dunyoning barcha nuqtalariga tarqalgan koronavirus Trampning rejalarini buzib yubordi. AQSh koronavirus tarqalishining eng katta to‘lqinini qabul qilib oldi.

Tramp boshida virus tarqalishiga e'tiborsiz qaragandi. Ahvol jiddiylashgach esa shoshilinch choralar ko‘rishni boshladi va ayni damda infeksiyaning dunyoga tarqalishida Xitoy hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini ayblay boshladi. Koronavirus AQShda keng tarqala boshlaganiga to‘rt oydan oshdi hamki, Tramp hamon Xitoyni ayblab kelyapti.

Tramp JSST ortiq moliyalashtirilmasligini e'lon qilgani ham unga obro‘ olib kelmadi. Bugungi kunda AQShda koronavirus yuqtirganlar soni 2,9 milliondan oshdi. Virus 132 mingdan ortiq amerikalikni hayotdan olib ketdi. AQShda ko‘pchilik mamlakatda koronavirusning tarqalib ketishida Trampni aybdor deb bilyapti. Tramp karantin joriy etishga shoshmadi va vaziyat juda jiddiylashib ketgunicha xotirjamlikni saqlab, shunday holatda ham o‘zini maqtashga kuch topa olgandi. Bu esa tabiiyki odamlarning g‘ashiga tegardi.

Jorj Floyd o‘limi

Foto: Reuters

Yomonlik kelsa, qo‘sha-qo‘sha keladi deyilganidek, amerikaliklar koronavirus pandemiyasidan yetarlicha aziyat chekib turganda Minnesota shtati markazi Minneapolis shahrida politsiya xodimi oddiy holatda qora tanli gumonlanuvchiga qiynoq ishlatib, uni o‘ldirib qo‘ydi. Bu voqea AQShda keng ko‘lamli tartibsizliklar boshlanishiga olib keldi. Odamlar yoppasiga ko‘chalarga chiqib, norozilik uyushtirishdi. Namoyishchilar hatto Oq uyni ham o‘rab olishdi, prezident bunkerga yashirindi.

Tramp bu vaziyatda ham o‘zini risoladagidek tutmay, gubernatorlarni namoyishchilarga nisbatan yetarlicha chora ko‘rmayotganlikda ayblay boshladi. Shuningdek, Tramp gubernatorlardan tartibsizliklar vaqtida qo‘lga tushganlarga uzoq muddatli qamoq jazosi berilishini talab qildi. «Bu tinch norozilik emas, ichki terrorchilik harakatlari», deb baho berdi Tramp bu voqealarga. Namoyishlar chog‘ida Trampning har bir gapi uning zarariga ishladi va AQSh fuqarolari orasidagi obro‘sini yanada tushirdi.

«Orqadan urilgan xanjar». Boltonning kitobi

Foto: Zuma/TASS

Yaqinda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning Oq uyda o‘tkazgan davri haqida yozgan «Bu voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy memuarlari» (The Room Where It Happened: A White House Memoir) kitobi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bolton o‘z kitobida Oq uyda bo‘lgan voqea-hodisalarni tasvirlagan va unda mubolag‘asiz aytganda, Trampning sirlarini ochib tashlagan.

Jon Bolton 2018 yil 9 apreldan 2019 yil 10 sentyabrgacha AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan. O‘tgan yil Tramp Boltonni o‘z vazifasidan bo‘shatar ekan, bu qarorini Bolton o‘zining ko‘p takliflariga qarshi bo‘lgani bilan izohladi. «Kecha kechqurun Jon Boltonga Oq uyda uning xizmatlariga ortiq ehtiyoj yo‘qligini aytdim. Men ma'muriyatdagi boshqalar kabi uning ko‘plab takliflariga qarshiman va shu sababli undan iste'foga ketishni so‘radim», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.

Bu orada 2020 yilning yanvar oyida Boltonning Oq uyda ishlagan davri haqida esdaliklar yozgani ma'lum bo‘ldi. Buni bilgan Tramp sobiq maslahatchisini tvitterda nishonga oldi. «Agar men unga [Boltonga] quloq solganimda, biz allaqachon oltinchi jahon urushida bo‘lardik», deb yozgan Tramp. Shuningdek, u Boltonni ishga tayinlash vaqtida ayrimlar unga bu ishi xato bo‘layotganini aytganida quloq solmay xato qilgani tan olib, Boltonni xalqaro munosabatlarda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yishda ayblagan.

Iyun oyi o‘rtalarida AQShdagi yetakchi nashrlar New York Times, Washington Post va Wall Street Journal Jon Boltonning yuqorida nomi tilga olingan kitobidan ayrim parchalarni chop etdi. Kitob qariyb 600 sahifadan iborat. Unda Trampning savodi haminqadar ekani yozilgan. Boltonning yozishicha, Tramp Buyuk Britaniyada yadro quroli borligini bilmagan va bu haqda o‘zaro uchrashuv vaqtida sobiq bosh vazir Tereza Meydan taajjub bilan so‘ragan. Shuningdek, AQSh prezidenti Finlyandiyaning mustaqil davlat ekanini bilmagan va uni Rossiya tarkibida deb o‘ylagan.

Boltonning kitobidan parchalarni e'lon qilinar ekan nafaqat amerikaliklar, balki butun dunyo Trampning bilimi Finlyandiya mustaqil davlat ekanini bilmaydigan darajada ekanligidan ajablanib, uning ustidan kuldi. Kitob haqida butun dunyo xabar topgach, Tramp Boltonni ayblay boshladi va uning kitobi yolg‘on va uydirmalardan iboratligini, Boltonning o‘zini esa «alamzada ahmoq» ekanini aytdi. 17 iyun kuni AQSh Adliya vazirligi Boltonning kitobida maxfiy ma'lumotlar bo‘lishi mumkinligini bildirib, suddan uni chop etishni to‘xtatishni so‘rab chiqdi. «Qo‘lyozmadagi ma'lumotlar Qo‘shma Shtatlarning milliy xavfsizligiga tahdid soladi», deyilgan Adliya vazirligining sudga kiritgan so‘rovida.

Bu orada Boltonning kitobini chop etayotgan Simon & Schuster nashriyoti AQSh hukumatining kitob chop etilishini to‘xtatishga urinishi hech narsaga olib kelmasligini, chunki yuz minglab nusxadagi kitoblar butun dunyoga tarqalib bo‘lganini ma'lum qildi. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Jon Boltonni xoin deb atadi va uning kitobini bo‘htonlardan iborat deb chiqdi.

Tramp o‘zini savodsiz va ahmoq odam deb tasvirlagan Boltonni jinoiy javobgarlikka tortish kerak deb aytdi. Ammo «Bolton ishi»da Tramp yutqazdi – Kolumbiya okrug sudi Jon Boltonning kitobini chop etishga ruxsat berdi. Sud qarorida aytilishicha, Bolton AQSh milliy xavfsizligi bilan o‘ynashgan hamda o‘z mamlakatiga zarar yetkazgan, ammo bu faktlar sudga berilgan da'voga hech qanday ta'sir ko‘rsatmasligi aytilgan. Shu tariqa, Bolton kitobini chop etishga ruxsat oldi va kitob butun dunyo o‘ylab millionlab nusxada sotilishga ulgurdi.

Boltonning kitobida eslangan voqea va hodisalar Trampning obro‘sini to‘kishi aniq. Chunki uning so‘nggi yillarda mamlakat ichki va tashqi siyosatida chiqarayotgan aksar qarorlarlari e'tirozga sabab bo‘lgan va Bolton kitobida o‘sha qarorlar qanday sharoitda qabul qilinganini tushuntirgan. Boltonga ko‘ra, bunday mojaroli qarorlar Trampning xalqaro siyosatni yaxshi tushunmasligi sabab qabul qilingan.

Amerikalik saylovchilar esa bunday ishlarga ko‘z yumib ketadigan darajada befarq emas va Boltonning kitobi yaqinlashayotgan saylovlarda Trampning zarariga ishlashi aniq. Jon Bolton o‘z partiyadoshi va maslakdoshi bo‘lgan Trampni kitobida ayovsiz fosh qilishini ayrimlar «ortdan urilgan pichoq» deb ta'rifladi.

Boltonning kitobida o‘tgan yil Tramp impichmentdan qutulib qolgani haqida ham yozgan. Bolton demokratlarni imchiment jarayonida bo‘shlik qildi, deb tanqid qilgan. Uning fikricha, demokratlar impichmentni faqat Ukrainaga qilingan bosimga e'tibor qaratish orqali amalga oshirmoqchi bo‘lib, xato qilgan. Ya'ni, Boltonga ko‘ra, impichment jarayonida Trampga ko‘proq ayblovlarni to‘nkash mumkin bo‘lgan.

Baydenning saylovni qoldirish haqida xavotirlari

Amerikaliklar orasida Trampning orbo‘si tushib borayotganini demokratlarni xursand qilayotgani aniq. Ular noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlargacha Trampning nimadir qilishidan, masalan, koronavirus tufayli saylovni kechiktirishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda demokratlar nomzodi Jo Bayden aprel oyidayoq gapirgandi. «Ko‘rasiz, Tramp saylovlarni qoldirishga urinadi. Saylovlar nega o‘tkazilmasligini izohlash uchun sabablar ham keltiradi. So‘zlarimni eslab qoling», deb gumonlarini bildirgan edi Bayden.

Ba'zi siyosatshunoslar ham bu fikrga qo‘shiladi. Masalan, Stoni-Bruk universiteti professori, siyosatshunos Jonatan Sanders BBC nashriga bergan intervsida «Agar Oq uy ma'muriyati noyabrgacha Tramp Baydenga yutqazishi muqarrar deb hisoblaydigan bo‘lsa, unda Tramp va uning jamoasi har qanday imkoniyatdan foydalanishga urinadi», degandi.

Ammo AQShday demokratiya timsoli bo‘lgan mamlakatda saylovlarni boshqa muddatga ko‘chirish oson ish emas. AQSh konstitutsiyasiga ko‘ra, faqat Kongress prezident saylovlari sanasini ortga surishi mumkin. AQShda prezident saylovlari noyabrning birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. Bu qoida 1845 yildan beri o‘zgarmay kelyapti. Mamlakatning yana uchta federal miqyosdagi qonunlari ovoz berishning ushbu aniq va o‘zgarmas sanasini tasdiqlaydi.

Mart oyi o‘rtalarida Kentukki universitetining saylov huquqlari bo‘yicha professori Josh Duglas tvitterdagi sahifasida mamlakatda hatto favqulodda holat joriy etilishi ham prezident saylovlarini o‘tkazish sanasini o‘zgartirish huquqini bermasligini bildirdi. «Hatto favqulodda holat joriy qilinishi ham konstitutsiyada belgilangan normalarni bekor qila olmaydi», deb yozgan edi professor.

Bundan tashqari, AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 20-o‘zgartirishda prezident va vitse-prezidentning vakolat muddati 20 yanvar kuni tush paytida tugashi aniq qilib yozib qo‘yilgan. Konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha mutaxassislar konstitutsiyadagi o‘sha 20-o‘zgartirish tufayli hatto joriy yil kuzda mamlakatda prezident saylovlari o‘tkazilmasa ham, amaldagi prezident Donald Tramp o‘z faoliyatini 2021 yil 20 yanvar kuni ayni tush paytida to‘xtatishini va har qanday holatda Oq uyni tark etishini aytishmoqda.

Albatta, har qanday saylovda amaldagi rahbarning imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi. Bundan tashqari, Tramp prezidentlikka kelgach, ko‘p ish qildi: soliqlar va yangi ish o‘rinlari bo‘yicha va'dasini bajardi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar tushib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Karantin vaqtida ijtimoiy himoya uchun 4 trillion dollarga yaqin pul ajratilishiga erishdi. Uning saylovda yutish imkoniyati Baydennikidan yuqoriroq, ammo yuqorida sanaganimiz 7ta sabab Trampning mag‘lubiyatiga olib kelishi hech gap emas.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top