11:39 / 25.07.2020
3604
O‘zbekistonda pochta xizmatlari islohoti kutilyapti (batafsil)

Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Prezidentning “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

Milliy operator tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni diversifikatsiya qilish va kengaytirish orqali, axborot-kommunikatsiya, transport va logistika, pochta va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish;

pochta aloqasi xizmatlariga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish, ularning sifati va xavfsizligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi hududida Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish;

pochta xizmatlarini taqdim etish jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va elektron savdo maydonchalarini joriy etish va rivojlantirish;

Respublikaning olis va chekka hududlarida pochta aloqasi tizimi orqali moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, jumladan barcha turdagi to‘lovlarni qabul qilish, bank, sug‘urta va boshqa xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

Toshkent shahri va viloyat markazlarida zamonaviy logistika markazlarini yaratish orqali milliy logistika tizimini takomillashtirish;

Milliy operatorining pochta aloqasi infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barcha pochta aloqasi obektlarda bosqichma-bosqich zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini hisobga olgan obodonlashtirish va qurilish ishlarini amalga oshirish hamda transport ta'minoti tizimini yangilash;

xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish.

2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operator:

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi obektlari tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlar, xabarnomalar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa yuridik hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganligini tasdiqlash, ma'lumotlarni saqlash va hisobga olishning yagona milliy tizimi joriy etilishini;

2020 yil 1 dekabrdan boshlab respublikadagi barcha pochta obektlarida zamonaviy xizmatlar, jumladan “Gibrid pochta” va kurerlik xizmatlarini rivojlantirish, bank, sug‘urta va boshqa xizmatlarni taqdim etish yo‘lga qo‘yilishini;

2021 yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini “onlayn” sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek ularga tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “Milliy onlayn savdo maydonchasi” yaratilishini;

2022 yil yakuniga qadar mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar) joriy etilishini;

2023 yil yakuniga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron tijorat orqali savdo qilishga sharoit yaratish maqsadida bosqichma-bosqich Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Fulfilment markazlari” tashkil etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Milliy operator – “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining qo‘shimcha aksiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga davlat ulushini 51 foizgacha kamaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, qo‘shimcha aksiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kelib tushadigan mablag‘lar 2020 – 2024 yillarda pochta aloqasi sohasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va ushbu qarorda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun maqsadli yo‘naltiriladi.

Top