20:17 / 04.08.2020
13555

Daily Mail Jorj Floydni qo‘lga olish jarayoni aks etgan yangi videoni e'lon qildi

Videoda Floyd politsiyachilarni klaustrofobiyasi borligi haqida ogohlantirgani, ulardan o‘zini o‘ldirmasliklarini so‘ragani, qayta-qayta nafas ololmayotganini aytgani ko‘rinadi.

Brian Peterson / Star Tribune via AP file

46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd 25 may kuni Minneapolis shahrida shafqatsizlik qurboni bo‘lgan edi – politsiyachi qo‘lga olish chog‘ida bo‘ynini tizzasi bilan bosib bo‘g‘ib uni o‘ldirib qo‘ygan. Floyd politsiyachilarni klaustrofobiyasi (yopiq joydan qo‘rqish) borligi haqida ogohlantirgan. Ulardan o‘zini o‘ldirmasliklarini so‘ragan va politsiyachi tizzasi bilan bo‘ynidan bosib turgan paytda bir necha martda nafas ololmayotganini aytgan. Hodisa detallarigacha aks etgan video Britaniyaning Daily Mail nashri tomonidan dushanba kuni e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Daily Mail tomonidan jamoatchilikka namoyish etilgan lavhalar Jorj Floydni qo‘lga olishda ishtirok etgan politsiyachilardan birining bodi-kamerasi tomonidan yozib olingan videoni bir qismi xolos. Mazkur videoyozuvlar allaqachon sudga taqdim etilgan, biroq hozirgacha ommaviy axborot vositalari faqat hodisa ishtirokchilarining suhbatlarinigina qo‘lga kirita olishgan edi.

Bundan tashqari, 25 maydagi hodisadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda guvohlar tomonidan olingan marhum hayotining so‘nggi daqiqalari aks etgan videolar tarqab ketgandi. Biroq ushbu videotasvirlarda voqeaning so‘nggi qismi –politsiyachi Derek Shovin yerda yotgan shaxsni tizzasi orqali bo‘ynidan bo‘g‘ish uslubini qo‘llayotgan, Jorj esa nafas ololmayotganini aytayotgan jarayon aks etgan.

Daily Mail tomonidan e'lon qilingan ikkita videolavhaning umumiy davomiyligi taxminan 26 daqiqani tashkil etadi. Ushbu kadrlarda politsiyachilardan biri – Tomas Leyn Floydga to‘pponcha o‘qtalib, mashinadan chiqishni talab qilayotgani ko‘rinadi.

Keyinroq Floyd uni politsiya mashinasiga o‘tirg‘izmoqchi bo‘lishganda qarshilik ko‘rsatishga urinadi va o‘zining harakatlarini klaustrofobiyasi borligi bilan izohlaydi. Ikkinchi videoyozuvning so‘nggida Derek Shovin Floyd unga o‘layotgani aytganiga qaramasdan tizzasi bilan uning bo‘ynidan bir necha daqiqa davomida bosib turgani ko‘rinadi.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top