08:21 / 21.08.2020
15797

Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar uchun namunaviy ustavlar tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 7.08.2020 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 466-son qarori qabul qilindi.

Prezidentning 6.09.2019 yildagi “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5812-son Farmonini ijro etish maqsadida qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

• Uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim to‘g‘risidagi nizom;
• Boshlang‘ich professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktablarining namunaviy ustavi;
• O‘rta professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlarning namunaviy ustavi;
• O‘rta maxsus professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlarning namunaviy ustavi.
 
Norma’ning yozishicha. tizimida kollejlar va texnikumlar bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalariga tasdiqlangan namunaviy ustav asosida ularning ustavlarini ishlab chiqish hamda ularning faoliyatini ularga muvofiq yo‘lga qo‘yish topshirildi.
 
Vazirlar Mahkamasining 16.04.2020 yildagi 232-son qaroriga muvofiq kasb-hunar maktablarida boshlang‘ich professional ta'lim dasturlari asosida ta'lim oladigan o‘quvchilarga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab BHMning 1 baravari miqdorida oylik stipendiya uchun mablag‘lar ajratilishi hamda uch mahal ovqat bilan ta'minlanishi ma'lumot uchun qabul qilindi.
 
Quyidagilar professional ta'limning asosiy vazifalari hisoblanadi:

• ish beruvchilarning talab va takliflariga asosan kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni inobatga olgan holda iqtisodiyot soha va tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda jamiyatning kasblar va mutaxassisliklarga bo‘lgan talablarini qondirish;
• mehnat faoliyatida zamonaviy AKTni tatbiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;
• xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
• Xalqaro tasniflagich darajalari bilan uyg‘unlashgan tabaqalashtirilgan ta'lim dasturlarini hamda o‘qitishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
• "Hayot davomida ta'lim olish" prinsipi asosida ta'lim olishga o‘tish uchun sharoitlar yaratish va boshqalar.
 
Hujjat 8.08.2020 yildan kuchga kirdi.

Top