10:41 / 04.09.2020
37656
Namanganda haydovchining rulda uxlab qolishi o‘zi va yana 3 nafar yo‘lovchining vafotiga sabab bo‘ldi

YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 4 sentabr kuni soat 05:00larda, Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tgan 4R 112 “Farg‘ona halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 10-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1998 yilda tug‘ilgan J.M. “Matiz” rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruv vaqtida uxlab qolib, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1987 yilda tug‘ilgan I.O. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Natijada, “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi, 22 yoshli J.M. hamda yo‘lovchisi, 23 yoshli S.X. va “Neksiya” rusumli avtomobil yo‘lovchilari, 45 yoshli I.M., 39 yoshli R.G‘. og‘ir tan jarohati olib voqea  joyida vafot etishgan.

“Neksiya” rusumli avtomobil haydovchisi, 33 yoshli I.O. va yo‘lovchilari, 23 yoshli Sh.S., 22 yoshli N.A. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilganlar.

Mazkur YTH yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi J.M. bir yil davomida 9 marotaba, “Neksiya” rusumli avtomobil haydovchisi I.O. 1 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.

“Barcha yo‘l harakati qatnashchilaridan charchoq holatida transport vositasini boshqarmasliklarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Top