12:13 / 14.09.2020
3508
Akmal Saidov o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik haqida gapirdi

Bugun, 14 sentabr kuni, Dushanbe shahrida “O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi va o‘zbek-tojik strategik hamkorligining yangi sahifasining ochilishi” mavzusida ikki kunlik ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.

Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatning taniqli olimlari, tadqiqotchilari va yetakchi ekspertlaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Anjumanning ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, akademik A.Saidov, ikki qardosh mamlakatlar xalqlari farovonligi yo‘lida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni xar tomonlama kengaytirish uchun misli ko‘rilmagan qulay imkoniyatlar ochilayotganini ta'kidladi. A.Saidovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda shakllanayotgan muhitni chuqur anglash, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va aniq natijalarga erishish muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, u mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yuqori darajaga ko‘tarishda, ularni rivojlanish strategiyasini belgilashda va amalga oshirishda O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining asosiy va muhim vazifani bajarayotganini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligi va do‘stona aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarildi.

“Ikki mamlakat rahbarlarining 2018 yilda Tojikiston va O‘zbekiston poytaxtlarida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvlar o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi asrlar davomida sinovdan o‘tgan do‘stlikni yaqqol namoyon etdi”, deb ta'kidladi A.Saidov.

Akademikning so‘zlariga ko‘ra, kuchli siyosiy iroda, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish, o‘rnatilgan yuqori darajadagi siyosiy muloqot, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida biron-bir yechimi bo‘lmagan masalalar qolmaganiga butun dunyo hamjamiyati guvoh bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining rahbari o‘z nutqida hozirda Markaziy Osiyoda hukm surayotgan yaxshi qo‘shnichilik va umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlik muhitiga ham e'tibor qaratdi.

A.Saidovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi har bir davlat Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Mintaqa davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy qadamlari natijasida davlatlararo munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Hamjihatlik va faol sa'y-harakatlar ko‘p qirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.

Delegatsiya rahbari “mintaqadagi o‘zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu davr talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon. Bu borada qat'iy siyosiy tanlovga asoslangan bo‘lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas” deya, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Anjuman davom etmoqda. Uning doirasida yalpi majlislardan tashqari, turli seksiyalarda ham uchrashuvlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda ikki mamlakat ekspertlari va mutaxassislari o‘zaro hamkorlikning turli masalalarini muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.

Top