15:45 / 29.09.2020
21576

Azamat Akbarov turizm universitetiga qaytmoqda. Uning diplomi soxta ekani isbotlanmagani aytildi

Foto: Kun.uz

Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarov shu yil boshida lavozimidan bo‘shatilgan, bunga sabab sifatida uning falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki deb topilgani ko‘rsatilgan edi. Universitet rektori bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bo‘lgani bois amalda turizm universitetining ichki ishlarini boshqargan Azamat Akbarov atrofidagi bu voqealar shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Bugun, 29 sentabr kuni «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining rasmiy saytida Azamat Akbarovning diplomi soxtaligi haqidagi xabarlarga raddiya paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, Akbarov diplomi soxtaligi uchun emas, o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgan.

Shuningdek, xabarda Azamat Akbarovning diplomi soxtaligi to‘g‘risidagi ayblovlar tergov surishtruvlari davomida o‘z isbotini topmagani aytilgan.

«2020 yil yanvar oyida OAVda «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarovning diplomi soxtaligi yuzasidan maqolalar berilgan edi. Ushbu maqolalarga ko‘ra, Azamat Akbarov universitetning birinchi prorektorligidan diplomi soxta bo‘lganligi sababli bo‘shatildi, deb iddao qilingan. Vaholanki, Azamat Akbarovning o‘z xohishiga ko‘ra u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlarida ushbu ayblov o‘z isbotini topmagan va bugungi kunda jinoyat ishi tugatilgan.

Ta'kidlash lozimki, Azamat Akbarov «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida faoliyat yuritgan davrda ushbu universitetning faoliyatini xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etish, uning nufuzini yanada oshirishga qaratilgan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Xullas, haq o‘z o‘rnini topdi», – deyilgan bayonotda.

Kun.uz muxbiri Azamat Akbarovning o‘zi bilan bog‘landi. Uning aytishicha, universitetga qaytishi kutilmoqda va bu borada taklif olgan.

Turizm universiteti vakillari esa Akbarov ishga qaytayotganini tasdiqlay olmasliklarini ma'lum qilishdi. Shuningdek, ular raddiya nega 8 oy o‘tgandan keyin e'lon qilinganiga ham izoh berishmadi.

Eslatib o‘tamiz, Azamat Akbarovning diplomi soxta deb topilgani haqida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev ham gapirgan edi.

«Bu masala OAK tomonidan o‘rganilgan. Haqiqatan ham, Azamat Akbarov olgan xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplom noto‘g‘ri olingani yoki soxta ekanligi izohlab berildi.

O‘rganishlarda aniqlandiki, Azamat Akbarov Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universitetidagi professorlik faoliyati davomida Rossiya tomonidan berilgan diplom asosida faoliyat yuritgan. Bizga kelganda esa BURCH xalqaro universitetida berilgan diplom asosida ishga qabul qilingan. Ammo ma'lum bo‘ldiki, Bosniya va Gersegovina davlati universiteti diplomi soxta bo‘lib chiqdi», degandi Toshkenboyev.

Mavzuga oid
Top