10:18 / 13.10.2020
19224

Sirdaryoda toshqindan jabrlanganlar uchun ko‘p qavatli uylar qurilishi yakunlanmoqda

Sardobada toshqindan yaroqsiz holga kelgan 63ta ko‘p qavatli uy buzilgan. Toshqindan jabrlanganlar uchun Sirdaryo viloyati hududida 66ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga «Sardoba» suv omboridagi texnogen vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralarining tezkor nazorati xususida ma'lumot taqdim etdi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Qurilish vazirligi va boshqa daxldor idoralar vakillaridan iborat 9ta ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida talafot ko‘rgan 4710ta xonadon (shundan 2211ta yaroqsiz va 2499tasi ta'mirtalab) aniqlangan.

Aholining turar joylarini ta'mirlash bo‘yicha
Talafot ko‘rgan hududlarda aniqlangan 1830ta (Sardoba tumanida 530, Oqoltin tumanida 698 va Mirzaobod tumanida 602) xonadonda tiklash va ta'mirlash ishlarini olib borish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarga taqsimlab berilgan.

Hozirga qadar qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilgan xonadonlarning 1830tasiga egalari ko‘chirildi.

Ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash bo‘yicha
Ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jami 107ta ko‘p qavatli uy (2 qavatli - 1320ta xonadon) talafot ko‘rgan. Shundan 63tasi yaroqsiz (Sardoba tumanida 63 uy, 648 xonadon) va 44tasi ta'mirtalabligi (Mirzaobod tumanida 11ta uy, 132ta xonadon, Oqoltin tumanida 20ta uy, 360ta xonadon, Sardoba tumanida 13ta uy, 180ta xonadon) aniqlandi.

2020 yil 1 oktyabrga qadar ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash va tutash hududlarini obodonlashtirish ishlarini yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasidagi 648ta xonadonli 63ta ko‘p qavatli uylar buzildi.

Yangi ko‘p qavatli uylarning qurilishi bo‘yicha
Sardoba va Mirzaobod tumanlarida 2640 xonadondan iborat 66ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. 

Mirzaobod tumani «Haqiqat» MFYda – 800 xonadondan iborat 40ta (20ta 2 pod'yezdli o‘rniga 40ta 1 pod'yezdli qurilmoqda) ko‘p qavatli uyni qurish «WHITE CITY CONSTRUCTION» MChJ tomonidan olib borilib, ishlar 63 foizga bajarilgan.

Hozirda MChJ tomonidan 40ta uyning qurilish ishlari yakunlanish arafasida.

Sardoba tumani «Do‘stlik» MFYda - 1480ta xonadondan iborat 37ta ko‘p qavatli uyni qurish «GOLD STEP INVEST» MChJga topshirilgan bo‘lib, ishlar 57 foizga bajarilgan.

Hozirga qadar MChJ tomonidan 36ta uyning asosiy qismi yakunlangan.

Mirzaobod tumani «Navbahor» MFYda – 360 xonadonli 9ta ko‘p qavatli uyni qurish «SILVER FLEX» MChJga topshirilgan bo‘lib, ishning 78 foizi amalga oshirilgan.

MChJ tomonidan bugungi kunga qadar 7ta uyning asosiy qurilish ishlari yakunlangan.

 

  • Bundan oldinroq bugungi kunga qadar toshqin vaqtida evakuatsiya qilinganlarning 80 mingdan ortig‘i yashash manzillariga qaytarilgani, 9386 kishi evakuatsiya qilingan joylarida yashayotgani xabar qilingandi.
Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top