22:48 / 16.10.2020
16289

AQSh S-400 sinovlari sababli Turkiyaga «jiddiy oqibatlar» bilan tahdid qildi

Juma kuni Turkiya Sinop shahri hududida S-400 tizimlarini sinovdan o‘tkazgani xabar qilindi.

Foto: TASS

AQSh Turkiya Rossiyaning S-400 zenit-raketa tizimlari bilan qurollanmasligiga umid qiladi, aks holda uni xavfsizlik sohasida jiddiy oqibatlar kutadi. Bu haqda AQSh davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Morgan Ortegus ma'lum qildi.

 «Qo‘shma Shtatlar S-400 qurollanishga kiritilmasligiga umid qilayotganligini bildiradi. Shuningdek, biz agar Turkiya tizim bilan qurollanadigan bo‘lsa, xavfsizlik sohasidagi munosabatlarimiz uchun ehtimoliy jiddiy oqibatlar borasida ham aniq-ravshan fikrdamiz», - dedi u.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda Turkiyaning S-400 tizimini sinovdan o‘tkazgani tasdiqlansa, AQSh buni «eng keskin tarzda» qoralashini bildirdi. Chunki Rossiya zenit-raketa tizimlari sinovi Turkiyaning NATO hamda AQShning strategik hamkori doirasidagi «majburiyatlariga mos kelmaydi».

«Biz sinovlardan xabardormiz. Qo‘shma Shtatlar Turkiya hukumatiga Rossiyaning S-400 kabi harbiy tizimlarini olish nomaqbul ekanligini eng yuqori darajada ma'lum qildik», - dedi Ortegus.

 Juma kuni Turkiya Sinop shahri hududida S-400 tizimlarini sinovdan o‘tkazgani xabar qilindi.

 Turkiyaga S-400 tizimlarini yetkazib berish 2019 yil iyul oyida boshlangandi.

 Vashington Rossiya texnikasidan voz kechishni va uning o‘rniga AQShning Patriot majmualarini sotib olishni talab qilgandi. Anqara bu talabga rozi bo‘lmadi.

Top