08:00 / 20.11.2020
4413
Poytaxt kanalizatsiyasiga tonnalab maishiy va sanoat chiqindilari tashlanmoqda – «O‘zsuvta'minot»

Toshkent shahrining Bo‘zsuv, Salar va Bektemir aeratsiya stansiyalari shahardan chiqayotgan oqova suvlarni tozalaydi. Bugungi kunda ushbu stansiyaga Qoraqamish va Janubi-g‘arbiy kollektorlardan sutkasiga 630 ming kub metr oqova suv kelib tushmoqda, deb xabar beradi «O‘zsuvta'minot» axborot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida oqova suvdan maxsus moslamalar orqali ushlab qolingan maishiy (aholi tomonidan kanalizatsiyaga tashlab yuborilayotgan oziq-ovqat qoldiqlari, yelim idishlar, kiyim-kechaklar, bolalar tagliklari va hokazo) va sanoat chiqindilari (ishlab chiqarish korxonalari tomonidan kanalizatsiyaga tashlanayotgan to‘qimachilik qoldiqlari, kushxona chiqindilari kabilar)ning hajmi 292 tonnaga yetgan. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 110 tonnani, 2018 yilda 182 tonnani, 2019 yilda 164 tonnani tashkil qilgan. 

«Bilamizki, kanalizatsiya suv ta'minotining muhim majmualaridan biridir. Kanalizatsiya tizimlarining asosiy maqsadi aholi chiqindilari, sanoat va maishiy chiqindi suvlarini tozalash, ularni keyinchalik ishlatish yoki suv havzalariga tushirish uchun yo‘naltirishdir.

Kanalizatsiya tizimidagi buzilishlarning aksariyati esa yuqoridagi keltirilgan holat kabi, unitaz yoki kanalizatsiya qudug‘iga maishiy va sanoat chiqindilari tashlanishi oqibatida sodir bo‘ladi. Kollektorlar ichi tiqilib, oqova suv tizimida avariyalar yuzaga keladi. Bu hududlarning epidemiologik holati yomonlashishi, atrof-muhit ifloslanishiga olib keladi.

Demak, kanalizatsiya tizimining barqaror ishlashida iste'molchining hissasi katta, u kanalizatsiyadan foydalanish qoidalarini bilishi va unga rioya etishi lozim», – deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda «O‘zsuvta'minot» tomonidan ayni yo‘nalishda targ‘ibot ishlari boshlab yuborilgan. Kanalizatsiyadan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalar tayyorlanib, iste'molchilarga tarqatilmoqda.

«Yodda tuting! Kanalizatsiya qudug‘i yoki unitazga quvur yo‘lini to‘sishi mumkin bo‘lgan ohak, qum, gips, sement, metall, tola, tuproq kabi qurilish materiallari va to‘qimachilik, kushxona chiqindilari kabi sanoat chiqindilari tashlash qat'iyan mumkin emas.

Quvur liniyalari devorlari oksidlanishi yoki vayron bo‘lishiga olib keladigan moddalar: kislotalar, ishqorlar, yog‘lar, erimaydigan yog‘lar, qatronlar, mazutni to‘kib tashlash taqiqlanadi.

Shuningdek, turli erituvchilar, benzin, kerosin, farmatsevtik va gigiyena vositalari (ayniqsa, bolalar tagliklari), polietilen paketlar, oziq-ovqat qoldiqlari, latta va boshqa chiqindilarni tashlamang!» – deya yakunlangan ma'lumot.

Top