10:39 / 17.12.2020
32276
«Buni o‘ylab topganlar islohotlarning dushmani» – Bloger UZIMEI binosidagi «bardak» haqida yozdi
Foto: Effekt Makarenko

2019 yil 1 apreldan O‘zbekistondagi mobil telefonlar maxsus IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi tartibi joriy etilgan edi. Shundan buyon ushbu tartib mobil qurilmalardan foydalanishda qator muammolarni tug‘dirayotgani haqida ko‘p va xo‘p yozildi.

Taniqli bloger Nikita Makarenko o‘z kanalida IMEI kodni ro‘yxatga qo‘yish qanchalik murakkab jarayon ekani haqida qator postlar e'lon qildi. U mobil qurilmasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun UZIMEI tashkiloti binosiga borgani va u yerda qanday tartibsizlikka guvoh bo‘lgani haqida yozgan.

Makarenko avvaliga o‘ziga xos so‘rovnoma e'lon qildi:

«Hozir chet eldan kelgan telefonga IMEI kod olish uchun boraman. Meni nima kutayotganini taxmin qilib ko‘ring!

1. Kerakli binoni topa olmayman;

2. Topaman, lekin u yerda tushlik vaqti bo‘ladi;

3. To‘plagan hujjatlarim yetarli bo‘lmaydi;

4. Keyinroq keling, deyishadi;

5. Hammasi o‘xshaydi!

Ko‘pchilik o‘quvchilar «Hujjatlar yetmaydi», degan variantni belgilashgan.

Keyingi postlarida Makarenko UZIMEI binosida boshidan kechirganlarini hikoya qilgan: «Xo‘sh, men UZIMEI binosini topdim. Faqat do‘stim qayerdaligini tushuntirganidan keyin. Bino «Sebzor» mahallasi ichida joylashgan, unga olib boradigan hech qanday yo‘l ko‘rsatkich yo‘q. Ichkarida katta navbat. Hech qanday elektron navbat haqida gap bo‘lishi mumkin emas, faqat «Kim oxirgi?» deyish amalda.

Raqamli xizmat ko‘rsatadigan (!) binoda 11 nafar tirik odam (!) navbat kutayotgandi. Dijital! Innovatsiya! Renessans!

Hurmatli Shuhrat Sodiqov (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri), Bahrom Olmatov (vazir o‘rinbosari) pastga tushib, tizimingiz qanday ishlayotganini ko‘ring.

UZIMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish 1 soat vaqt oldi. Agar telefonni pochta orqali olib kelishgan bo‘lsa, bojxona deklaratsiyasini ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi. U yerda shunchaki «bardak» hukm surmoqda, navbat, farzandlari sovg‘a qilib yuborgan telefonlardan foydalana olmayotgan qariyalar yig‘lamoqda, xorijliklar hayratdan yoqa ushlab turibdi.

IMEI kodni QO‘LDA yozishmoqda. Qog‘ozda! Dijital! Va bularning hammasi uchun pul to‘lash kerak.

O‘zbekistonda bunday tizim bo‘lmasligi kerak. Uning mavjudligini faqat korrupsiya bilan izohlash mumkin. Bu shunchaki uquvsizlik va noprofessionallik. Bunday narsani o‘ylab topgan va joriy qilganlarni la'natlayman. Ular islohotlarning haqiqiy dushmani», deb yakunlagan Nikita Makarenko seriyali postlarini.

Yana bir taniqli bloger, iqtisodchi Otabek Bakirov Makarenkoning postiga munosabat bildirdi. «UZIMEI xalq va mamlakatga zararkunandalik qilish evaziga boylik orttirish uchun yaralgan. Uni isloh qilib bo‘lmaydi. UZIMEI tugatilishi kerak. Zararkunandalik bilan boylik orttirayotgan, xalq va mamlakatni talayotganlar esa mahkamaga tortilishi lozim», deb yozgan Bakirov.

Ma'lumot uchun, yangi sotib olingan telefonning IMEI kodi 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, u ishlamay qoladi. Ishlamay qolgan telefonlarni xorijga chiqib kelgan boshqa insonning pasporti yordamida ro‘yxatdan o‘tkazib berish «qora bozor»da rivojlangandi. Bu xizmatdan foydalanganlar bitta kod olish 20 dollarga tushganini aytishgandi. Keyinchalik chetga chiqib kelgan odamlar o‘zlarining pasportiga IMEI kod ololmayotganini, chunki ularning pasportiga boshqa telefon ro‘yxatga olinganini ma'lum qilishi ortidan Bojxona qo‘mitasi tekshiruv boshlagandi.

Top