23:12 / 30.12.2020
8369

Eron Trampni general Sulaymoniyning o‘limida asosiy aybdor deb hisoblamoqda

Avvalroq Eron inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Ali Bag‘iriy Qaniy mamlakat hukumati Sulaymoniyning o‘ldirilishiga aloqador 48 kishining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qilgandi.

Foto: EPA

Eron AQSh prezidenti Donald Trampni Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniyning o‘limida "birinchi raqamli" aybdor deb hisoblaydi. Bu haqda Eron sud hokimiyati rahbari Ibrohim Raisiyga tayanib Fars agentligi xabar berdi.

 "Tramp – shahid Sulaymoniyning o‘limiga javobgar bo‘lgan birinchi raqamli jinoyatchi", dedi Raisiy.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning yuqori darajadagi arboblari mazkur jinoyat bo‘yicha tergovdan qochib qutula olishmaydi va "shahid Sulaymoniyning o‘limi uchun javob berishlari shart". Raisiyning qo‘shimcha qilishicha, Eron bu ishni o‘rganish uchun tegishli mexanizmlarni ishga soldi va yetarlicha dalillarga ega.

Dushanba kuni Eron inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Ali Bag‘iriy Qaniy mamlakat hukumati Sulaymoniyning o‘ldirilishiga aloqador 48 kishining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgani va ularni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘rilgani haqida ma'lum qilgandi.

Qosim Sulaymoniy shu yil 3 yanvarda Bag‘dod aeroporti yaqinida AQSh droni zarbasi natijasida o‘ldirilgandi. U bilan birga 4 nafar eronlik harbiy va Iroq armiyasining 5 vakili halok bo‘lgan.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Top