19:22 / 11.01.2021
8023
Turkiya S-400 tizimidan foydalanishga tayyorligini ma'lum qildi

Vashington Anqaraga S-400 o‘rniga AQShning Patriot majmualarini sotib olishni taklif qilgandi.

Foto: RIA Novosti

Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati rahbari Ismoil Demir Rossiyaning S-400 zenit-raketa tizimlari foydalanishga tayyor holga keltirilganini ma'lum qildi.

"S-400 foydalanishga tayyor, qurolli kuchlar zarurat bo‘lganida bu borada qaror qabul qilishi mumkin", - dedi Demir.

Bundan tashqari, uning xabar qilishicha, Turkiya korxonalari Amerikaning F-35 beshinchi avlod qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqish loyihasida ishtirok etmoqda. 

 Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lgan S-400 majmualari Turkiyaga 2019 yil iyuldan boshlab yetkazilgandi.

Vashington Anqaraga ushbu bitimdan voz kechishni va Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlari sotishni bekor qilish va sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilib, S-400 o‘rniga AQShning Patriot majmualarini sotib olishni taklif qilgandi.

 Biroq Anqara yon bosishni istamagan va Rossiya bilan S-400’ning qo‘shimcha partiyalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirgandi.

2020 yil dekabrda AQSh S-400 zenit-raketa majmualari sotib olingani uchun Turkiya mudofaa sanoati kotibiyati, uning rahbari Ismoil Demir va yana uch mansabdor shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Top