16:41 / 25.01.2021
3563
O‘zbekistonning 2021 yilgi iqtisodiy o‘sishi 5 foizdan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevning ma'lum qilishicha, 2021 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozlari 4,5 – 5,5 foiz atrofida bo‘ladi.

Behzod Hamroyevga ko‘ra, 2021 yilda respublika yalpi ichki mahsuloti 5 foizdan oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari prognoz ko‘rsatkichlari o‘sish asoslariga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Markaziy bankning 2021 yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlari 4,5 ––5,5 foiz atrofida bo‘ladi. Bu o‘zimizning prognozlarimiz doirasida saqlanib qolindi. Joriy yilda YaIM 5 foizdan oshadi. Buning uchun yetarli asoslarimiz bor. Chunki 2020 yilning 4-choragida iqtisodiyotda iqtisodiy faollikning sezilarli darajada oshishi kuzatildi.

Xususan, bizning bazaviy prognozlarimiz bo‘yicha 2020 yildagi iqtisodiy o‘sish 1–1,5 foiz atrofida bo‘lishi kerak edi. Lekin dastlabki hisob-kitoblar shuni ko‘rsatyaptiki, iqtisodiy o‘sish bu yil 1,5 foizdan yuqori bo‘lsa kerak.

Nima uchun? Chunki 4-chorakdagi ko‘rsatkichlar, ayniqsa yanvar-noyabr oylaridagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 0,7 foizga oshgan.

Bu sentyabrda  – 2,7 foiz bo‘lgan edi. Qolaversa, pullik xizmat ko‘rsatish, savdo sohasida ham ma'lum bir ijobiy oshish ko‘rsatkichlari bor. Ushbu omillar iqtisodiy o‘sishning 1,5 foizdan yuqori bo‘lishiga olib kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, o‘zimiz doimiy kuzatib boradigan ko‘rsatkichlarimiz bor. Bu to‘lovlar miqdori ya'ni, trans aksiyalar yoki savdodan pul tushumlari miqdoridir. Bularni ham 4-chorakda kuzatdik. Ko‘rsatkichlar o‘tgan 3-chorakka nisbatan 17-18 foizga oshgan. Bu ham ijobiy iqtisodiy o‘sish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

2021 yilda o‘tgan 15-20 kundagi iqtisodiy ko‘rsatkichlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu 2021 yil Markaziy bankning bazaviy ssenariysi bo‘yicha rivojlanib boradi va iqtisodiy o‘sish 5 foizdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda», – dedi u 20 yanvar kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.   

Avvalroq, Jahon banki 2021 va 2022 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi mos ravishda 4,3 foiz va 4,5 foizga yetishini prognoz qilgandi. Hisobotda 2020 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi 0,6 foizni tashkil etgani ham keltirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 1 - 1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

O‘tgan yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 27,3 foizdan 27,9 foizga (0,6 foiz punktga), qurilish tarmog‘ining ulushi – 6,9 foizdan 7,4 foizga (0,5 foiz punktga) oshgan.

2020 yilda YaIM o‘sish sur'atiga hududlarning ta'siri bo‘yicha Andijon (+ 5,0 foiz), Navoiy (+ 4,3 foiz) va Namangan (+ 3,1 foiz) viloyatlarida nisbatan yuqori ijobiy o‘sish sur'atlari qayd etilgan.  

Samarqand (- 3,9 foiz), Sirdaryo (- 3,1 foiz), Qashqadaryo (- 2,1 foiz) hamda Toshkent shahrida (- 0,5 foiz) yalpi hududiy mahsulot (YaHM)ning kamayishi kuzatilgan.

Top