03:42 / 31.01.2021
11117
BAA xorijliklarga mamlakat fuqaroligini olish imkoniyatini taqdim etmoqda

BAA bosh vaziri, shayx Muhammad ibn Rashid Ol Maqtumning ta'kidlashicha, «yangi farmon mamlakat rivojiga hissa qo‘shadigan iste'dodli insonlarni jalb etishga qaratilgan».

Foto: iStock

Birlashgan Arab Amirliklari hukumati qonunga ayrim toifadagi xorij fuqarolariga mamlakat fuqaroligini olish imkoniyatini beruvchi tuzatishlarni kiritdi. Bu haqda WAM axborot agentligi xabar bermoqda.

Agentlikning ma'lumot berishicha, fuqarolik olish uchun investorlar, shifokorlar, mutaxassislar, ixtirochilar, olimlar, ijodkorlar, rassomlar va ularning oila a'zolari da'vogarlik qilishi mumkin. BAA fuqaroligini olishga arizalar hukumat va mahalliy ijroiy hokimiyati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

BAA bosh vaziri, shayx Muhammad ibn Rashid Ol Maqtumning ta'kidlashicha, «yangi farmon mamlakat rivojiga hissa qo‘shadigan iste'dodli insonlarni jalb etishga qaratilgan».

WAM agentligining ma'lumot berishicha, BAA fuqaroligini olish uchun quyidagi shartlarni bajarish lozim:

Investorlar BAAda ko‘chmas mulkka ega bo‘lishi, BAA iqtisodiyot vazirligi yoki boshqa nufuzli xalqaro organ tomonidan ma'qullangan bir yoki bir nechta patent olishi hamda mamlakat iqtisodiyot vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lishi kerak;

shifokorlar va boshqa mutaxassislar «BAAda juda zarur» noyob ilmiy soha yoki ilmiy fanlar yo‘nalishida faoliyat yuritishi, kamida 10 yillik tajribaga ega bo‘lishi, nufuzli tashkilot a'zosi bo‘lishi lozim;

olimlar universitet, tadqiqot markazi yoki xususiy sektorda «faol tadqiqotchilik bilan shug‘ullanishi», kamida 10 yillik tajribaga ega bo‘lishi, nufuzli ilmiy mukofotlar yoki «o‘z tadqiqotlari uchun yetarlicha moliyalashtirish» olgan bo‘lishi hamda BAAda tan olingan ilmiy muassasalarning tavsiyanomasiga ega bo‘lishi darkor;

ijod vakillari madaniyat va san'at sohasida «yetakchi» bo‘lishi, bir yoki bir nechta xalqaro mukofotlar olgan bo‘lishi hamda faoliyati bilan bog‘liq davlat muassasasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishi shart.

Bloomberg agentligining yozishicha, BAA xorijliklarga fuqarolik taqdim etish jarayonini rasmiylashtirgan Fors ko‘rfazidagi birinchi mamlakatdir. Ilgari bunday imkoniyat faqat istisnoli holatlarda, masalan, davlat xizmatida ishlash uchun berilardi. Agentlikning ma'lumot berishicha, BAA aholisining 80 foizdan ortig‘i boshqa davlatlar fuqarolaridir.

Top