21:25 / 12.02.2021
4570

«Faol fuqarolar» umummilliy festivalining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

5 kun davomida O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan «Faol fuqarolar» umummilliy festivali 12 fevral kuni yakunlandi. Shu kuni Toshkentdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida yakuniy tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «Oramizdagi qahramonlar» aksiyasi sovrindorlari, volontyor-psixologlar va faol nodavlat notijorat tashkilotlari taqdirlandi.

Taqdirlanganlar orasida karantin davrida koll-markazlarda va hududlarda fuqarolarga yordam ko‘rsatgan bir guruh volontyorlar hamda psixologlar jamoasi, «Sardoba» suv toshqinida jonbozlik ko‘rsatgan deputat Aysuluv O‘ljayeva, bolalarni suv toshqinidan qutqargan profilaktika inspektori Otabek Begmatov, imkoniyati cheklanganlar uchun eng og‘ir karantin sharoitlarda beminnat xizmat qilgan surdotarjimon Gulnora Mahkamova va boshqalarni ko‘rish mumkin.

LRX3V5dZja5cGOVmNy_BV73IYMVszPiZ.jpg (1280×853)

Aksiyaning nodavlat notijorat tashkilotlari yo‘nalishida respublikaning turli viloyatlarida pandemiya paytida kam ta'minlangan yuzlab oilalarga homiylik hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatgan tadbirkorlar ham taqdirlanishdi.

Yordamga muhtoj talabalarning to‘lov kontraktlari uchun Metsenat.uz loyihasini tashkil etgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev va maktabga eshakda qatnaydigan qoraqalpoq o‘quvchilariga jamoat e'tiborini qaratgan Kun.uz muxbiri Shuhrat Saidahmadovlar ham faollar qatorida e'tirof etildi.

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov forumda faol fuqarolarni taqdirlar ekan, jamoatchilik nazoratini tashkillashtirishda, jamiyatdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga befarq bo‘lmaslikda millat manfaatlari ko‘zlanishini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, festival «Yuksalish» umummilliy harakati tashabbusi bilan, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Qozog‘istonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO) va qator hamkorlar ko‘magida bo‘lib o‘tdi.

Top