22:12 / 03.03.2021
5445
Ilon Mask Texasda yangi shahar barpo etishga qaror qildi

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Texasdagi Boka-Chika aholi punktini qayta nomlab, uning o‘rnida yangi shahar barpo etmoqchi. Hozirda ushbu aholi punktida Maskka qarashli Space Exploration Technologies Corp. kompaniyasining sinov poligoni joylashgan.

Foto: Britta Pedersen-Pool/Getty Images

“Texasda Starbeyz (Starbase) shahrini yaratamiz”, deb yozgan Mask tvitterda.

Kemeron okrugi sudyasi Eddi Trevinoning aytishicha, SpaceX vakili aholi punktining yangi shahar tarkibiga kirishi va qayta nomlanishi uchun zarur bo‘lgan talablar bilan tanishib chiqqan.  

Trevinoning ta'kidlashicha, okrug ma'muriyati aholi punktining qayta nomlanishi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganidan xabardor qilingan.

“Twitter’dagi xabar buning uchun yetarli emas”, deb aytgan sudya va Maskka hamda uning kompaniyasiga ushbu rejasini amalga oshirish uchun ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri kelishini ta'kidlab o‘tgan.

Mask Texasdagi ta'sirini tobora kengaytirmoqda. Ayni vaqtda unga qarashli Tesla Inc. kompaniyasi Ostin shahrida elektr pikaplar yig‘iluvchi yirik korxona barpo etmoqda. Shuningdek, tadbirkorning o‘zi ham Texasga ko‘chib o‘tdi hamda unga qarashli Musk Foundation jamg‘armasi bosh qarorgohini Kaliforniyadan Ostinga ko‘chirib o‘tkazdi.

SpaceX, shuningdek, Texasning Makgregor shahrida raketalar sinovini o‘tkazib keladi. Kompaniya rejalariga ko‘ra, Boka-Chikadagi korxonada ishlab chiqilayotgan fazoviy kemalar prototipi Oy va Marsga uchishi kerak.

Top