10:26 / 19.03.2021
3375
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining asosiy vazifalari ma'lum bo‘ldi
Foto: Vitaliy Timkiv

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.

Milliy kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.

Milliy kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalari qarorlariga, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Milliy kengash o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Milliy kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta'minlash;
  • korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida ommaviy axborot vositalari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash;
  • aholi huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
  • yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlari o‘tilishini tashkil etish va uni nazorat qilib borish;
  • “Korrupsiyasiz soha” dasturini muntazam tarzda joriy etish va sohalar qamrovini kengaytirish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohalarida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish choralarini ko‘rish va ularni takomillashtirish;
  • davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyotni baholash, shuningdek reytingi past bo‘lgan sohalar va hududlarning tashkiliy chora-tadbirlar rejasi ijrosini nazorat qilish;
  • davlat xaridlaridan barcha xabardor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ochiq va shaffof tizim tashkil etish hamda kuzatib borish;
  • investitsiya loyihalarini amalga oshirishda “Korrupsiyaga qarshi ekspertiza” o‘tkazish tizimi ishlab chiqish va uni nazorat qilib borish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komlayens-nazorat”) hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish ishlari bo‘yicha ma'ruzalar tinglash;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohalarida zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish va ularning mazkur sohadagi faoliyati bo‘yicha reytingini tuzish ishlarini kuzatish;
  • davlat xizmatiga halollik standarti va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish me'yorlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ta'sirchan choralar ko‘rish, shuningdek ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • korrupsiya holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rish samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlar loyihalari yuzasidan takliflar berish;
  • respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish;
  • korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ular oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlash;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoring amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlar samaradorligini baholash;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • qonun hujjatlariga binoan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Top