Jahon | 23:36 / 01.04.2021
5708
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden «AQSh iqtisodiyotini yangilash» rejasini taqdim etdi

AQSh prezidenti Jo Bayden o‘zining ikkinchi yirik tashabbusi – 2,25 trillion dollarlik iqtisodiy rivojlanish rejasini e'lon qildi. Bu dasturdagi xarajatlarni birinchi navbatda korporativ soliqlarni oshirish orqali qoplash rejalashtirilmoqda.

Foto: REUTERS/Jonathan Ernst

AQSh prezidenti Jo Bayden pandemiyadan keyin AQSh iqtisodiyotini tiklash rejasini taqdim etdi.

Rejalashtirilgan barcha tashabbuslarning umumiy qiymati 2,25 trillion dollarni tashkil etadi.

Bu mablag‘lar 8 yil ichida sarflanishi kerak – bu ikki prezidentlik muddati hisoblanadi.

Bloomberg bu to‘plamni 1960 yillarda kosmik dasturga kiritilgan sarmoyadan buyon eng yirik loyiha deb atadi.

Dasturda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

  • Oq uy transport infratuzilmasiga 621 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu – federal budjetning joriy xarajatlarini amalda ikki baravar oshiradi. AQSh ma'muriyati ko‘priklarni, yo‘llarni, portlar va aeroportlarni yangilashni va elektr transportini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
  • Aholi ijtimoiy hayotini yaxshilash tadbirlariga 650 milliard dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan. Shundan 111 milliard – ichimlik suvi ta'minoti tizimini yangilash uchun, 100 milliard – keng tizimli internetni kengaytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirish uchun, 137 milliard – arzon maktablarni qurish va o‘zgartirish uchun ajratiladi.
  •  Sanoatni yangilash uchun 580 milliard dollar sarflash taklif etilyapti. Ularning 180 milliardi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga ajratilgan. Bu – AQSh tarixidagi mudofaaga oid bo‘lmagan eng yirik tadqiqot va rivojlantirish dasturi hisoblanadi. Shuningdek, 300 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri sanoatga yo‘naltiriladi, yana 100 milliard dollar kasbga qayta tayyorlash dasturlariga yo‘naltiriladi.
  • Yana 400 milliard dollarni bemorlar va qariyalarga, shuningdek, nogiron amerikaliklar ijtimoiy yordam dasturiga sarflash nazarda tutilgan.

Dasturdagi xarajatlarni birinchi navbatda kompaniyalar to‘layotgan soliqlarni oshirish orqali qoplash rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2017 yilda sobiq prezident Donald Tramp korporativ soliqlarni 35 foizdan 21 foizga tushirgan edi. Endi AQShning yangi ma'muriyati uni yana uchdan biriga – 28 foizgacha oshirmoqchi.

Shuningdek, global foyda uchun eng kam korporativ soliqni 21 foizga ko‘tarish belgilangan.

AQSh nashrlari mart oyi davomida Bayden Qo‘shma Shtatlarda 28 yil ichida – Bill Klinton davridan beri eng katta soliq o‘sishini rejalashtirayotganini yozgan edi.

Avvalroq, Kongress vakillar palatasi AQSh prezidenti Jo Baydenning Amerika iqtisodiyotini qutqarish va pandemiya davrida aholiga yordam berish rejasini ma'qullagandi. Inqirozga qarshi choralar bo‘yicha navbatdagi paket qiymati – 1,9 trillion dollar.

Mavzuga oid