O‘zbekiston | 15:42 / 03.04.2021
31490
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ilk xususiy aviakompaniya 2ta Airbus A320-214 samolyotini ro‘yxatdan o‘tkazdi

O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines aviakompaniyasi ikkita Airbus A320-214 samolyotini O‘zbekistonda UK32030 va UK32031 raqamlari ostida ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Foto: Planespotters.net

Tez kunlarda samolyotlar O‘zbekistonga olib kelinishi aytilmoqda.

Avvalroq AQShning Air Lease Corporation kompaniyasi Qanot Sharq Airlines  xususiy aviakompaniyasiga 2ta Airbus A320-200 samolyotini ijaraga bergani ma'lum qilingandi. Kompaniya rasmiy saytida samolyotlarni 2021 yilning mart oyida yetkazib berish rejalashtirilgani aytilgan, ammo noma'lum sabablarga ko‘ra bu rejalar amalga oshmagan.

Qanot Sharq Airlines hududiy aeroportlardan Istanbul, Anqara (Turkiya), Dubay (BAA), Jidda, Madina (Saudiya Arabistoni), Moskva, Sankt-Peterburg (Rossiya Federatsiyasi) va Almati (Qozog‘iston) yo‘nalishlarida aviaqatnovlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari»dan IL-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha IL-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, kompaniyaning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kompaniya ta'sischisi Nosir Abdug‘afforov hududiy texnika ishlab chiqaruvchi uchta yetakchi – Embraer (Braziliya), Bombardier  (Kanada) va Sukhoi (RF) kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, parvozlar geografiyasi, parvoz jadvali ishlab chiqilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga aviachiptalar narxlari sezilarli darajada oshgani  xabar qilingandi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev «O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi» ikkiga bo‘lingani va hozirda 11ta aeroportdan 9tasida ochiq osmon rejimi joriy qilinganini aytib o‘tgandi. U pandemiyadan keyin bu sohada yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishini istisno qilmagandi.

Mavzuga oid