14:38 / 13.04.2021
24837

To‘ra Bobolov - Erkinjon Turdimov bilan solishtirishlar, koronavirus xulosalari, xalq ishonchi va qancha oylik olishi haqida

Kun.uz viloyatlar hokimlari bilan intervyular tashkil etmoqda.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bo‘ldi.

Intervyu o‘tgan hafta e'lon qilinib, ilk qismi matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

To‘ra Bobolov koronavirus bergan xulosalar va o‘zining «o‘ldi»ga chiqarilishi haqida

— Butun dunyoda tarqalgan kasallik meni ham chetlab o‘tmadi. Haqiqatan ham og‘ir kechdi. Menda iroda kuchli. Ikkinchidan, o‘sha paytda men internetni o‘chirgandim. Internetga qarashga ham odamning holi bo‘lmay qolarkan.

Internetda chiqqan gaplardan mening xabarim yo‘q edi. «O‘ldi» degan xabarlarni ham internetga chiqib ketgandan 3-4 kun keyin eshitganman.  

Men o‘zim chiqib gapirganimda ham nima uchun gapirayotganimni bilmaganman.

O‘sha jarayonda shifokorlar nafas mashqlari qilib turishni maslahat berishgan. Shuningdek, odam o‘tirgan joyida ham sport bilan shug‘ullanib turishi kerak.

Men 35 kun shifoxonada davolandim. Shuningdek, 10 kun reabilitatsiyada bo‘ldim.

Shuni bildimki, koronavirus odam organizmida qaysi organ kuchsiz bo‘lsa, o‘sha joy bilan kurashib ko‘rar ekan.

Bu kasallikni yengish odamning o‘ziga bog‘liq.

Men hozir ham ishga kelish va ketishda ma'lum masofaga piyoda yuraman. Ertalab kamida 10 km yuraman. Bir kunda esa 20–22 kmgacha yuraman.

Sport bilan shug‘ullangan kishidan boshqa kasalliklar ham ketar ekan. Odamlarga tavsiya, ko‘proq diyetaga amal qilishlari kerak.

To‘ra Bobolov viloyatning avvalgi hokimlaridan biri Erkinjon Turdimov bilan solishtirishlar va «Turdimov yaxshiroq edi» mazmunidagi fikrlarga qanday qarashi haqida

— Men bu kabi fikrlarni to‘g‘ri qabul qilaman. Erkinjon Oqbo‘tayevich juda katta hokimlik maktabini o‘tagan va hozir ham o‘tayapti. Men ko‘p aytaman, Erkinjon Oqbo‘tayevich hammamizni, tashabbuskorlarni, tadbirkorlarni ham qo‘zg‘atdi.

Avvallari, to‘g‘risi, Surxondaryodagi tadbirkorlarning ko‘pi boshqa viloyatlarga ketib qolgandi.

Men Erkinjon Oqbo‘tayevichning o‘rinbosari sifatida u kishidan ko‘p narsa o‘rganganman.

Erkinjon Oqbo‘tayevichdagi qaror qabul qilish xislatlarining ayrimlari menga ham o‘tgan. U kishi juda tez qaror qabul qilardi va yechimini ham qilib berardi. O‘z o‘rnida maslahatlarini ham berardi.

Respublika idoralariga ham masalalarni ko‘proq qo‘yardi.

Bu gaplarni tadbirkorlarning o‘zi ham menga gohida aytadi. Men buni qabul qilaman.

U kishi Surxondaryoda 1 yil 7 oy ishlagan bo‘lsa, juda katta ish qilindi. Biz hozir ham bu ishlarni davom ettiryapmiz.

Albatta, bu sohada kamchiliklarimiz bor.

To‘ra Bobolov Erkinjon Turdimov darajasida aholi mehrini qozona oldimi?

— Yo‘q, lekin harakat qilyapmiz.

Hokim viloyat aholisi unga ishonmayotganini his qilsa, mard bo‘lib o‘zi ariza yozadimi yoki prezident «ket» deyishini kutadimi?

— Buni vaqt ko‘rsatadi. Agar qo‘ldan kelmasa, mard bo‘lib ketish ham odamiylik, insoniylik. Xalq qarab turibdi. Surxondaryoda 2 mln 700 ming aholi bor. Shularning dard-u tashvishi bilan yashaymiz.

Shu odamlarning qozoni qaynab turadigan bo‘lsa, ularning muammosiga yechim topib berolsam, viloyat hokimi sifatida o‘zimni baxtli deb hisoblayman.

Bu yerda hokimlarga ko‘p narsa bog‘liq. Hozir hokimlar ham tadbirkor bo‘lishi kerak, deb bejiz aytilmayapti. Qanday tadbirkor? Tadbirkorlik qilib, tadbirkorning muammosini hal qiladigan tadbirkor.

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p gapirilayotgan Abdug‘ani Sanginov viloyat farzandi, viloyatdan saylangan senator sifatida Surxondaryodagi rivojlanishlar uchun qanchalik hissa qo‘shyapti?

— Abdug‘ani Abdurahmonovichni «O‘zbekgidroenergo» raisi va senator sifatida eng faollardan biri deb bilaman.

Bu kishi Sariosiyo tumanidan viloyatga deputat qilib saylangan, keyin senator. Viloyatning rivojlanishiga qo‘lini qovushtiradigan odam emas.

Ikkinchidan, rahbar va viloyat farzandi sifatida ham fuqarolarga yordam berishga harakat qiladi.

Men u kishi bilan ko‘p muloqotda bo‘laman va aytishim mumkinki, qaror qabul qilishdagi tajribasidan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yildagi topshirig‘i bo‘yicha yangi elektr stansiya ishga tushishi – bu ham juda katta mashaqqat.

Hozir viloyatning olis Kundayi juvoz qishlog‘iga tog‘ orasidan yo‘l olib ketilyapti. Bu joylarga borish ham juda qiyin edi. 37ta xo‘jalik bor, lekin elektr yo‘q. Hozir bu uylar quyosh batareyalari bilan ta'minlandi. Bu ishlarga ham Abdug‘ani aka katta hissa qo‘shyapti.

To‘ra Bobolov kitob, adabiyot bilan qanchalik yaqin?

— Oxirgi o‘qigan kitobim Tohir Malikning «Odamiylik mulki» asari. Otabek Hasanovning «Liderlar kitobi»ni ham o‘qidim.

Ozarboyjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning «Amir Temur» asari ham juda qiziq kitob. Umuman olganda, vaqt topib, kitob o‘qib turaman.

Hokim o‘qishni tavsiya qiladigan 5 asar

— «Temur tuzuklari», Abdulla Oripov she'rlari, Sirojiddin Sayyid kitoblari, Shafoat Rahmatilla she'rlari va Yunus O‘g‘uzning «Amir Temur» asari.

Viloyatda futbol rivoji yo‘lidagi muammolar haqida

— Bu bizdagi eng og‘riqli masala. Hozir «Surxon» klubi Superligada o‘ynayapti. Biz endi asosan mahalliy futbolchilarga e'tibor qaratyapmiz.

Ikkinchidan, futbol maktablariga e'tibor qaratyapmiz. Masalan, Eldor Shomurodov. Jarqo‘rg‘onlik yigit.

Biz yil boshidan boshlab bu masalada ko‘p o‘ylandik. Men haftasiga sport maktablari vakillarini qabul qilib turaman. Ular menga bu yo‘nalishda maslahatchi.

Kuni kecha ham «Surxon» klubi vakillari bilan oldindagi o‘yinlar va natijalar bo‘yicha gaplashdim.

Bu masalani men qattiq ushlaganman. Ularni qattiq tanqid ham qildim. Albatta, klubdan yaxshi natijalar kutyapmiz.

Surxondaryo viloyati hokimi qancha oylik oladi?

— Hokimlar 5 mln oylik oladi. Bundan tashqari ham mablag‘ bor. Bu budjetga tushadigan va hokimlik ixtiyorida qoladigan mablag‘lar. Shuning hisobidan homiylik ko‘rsatiladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchilar: Nuriddin Nursaidov,
Jahongir Aliboyev.

Top