14:55 / 20.04.2021
6821
«Biz hech kimga kam soliq to‘lagansan demayapmiz» - DSQ 15 ming korxonaga QQS bo‘yicha xabarnoma yuborilganiga izoh berdi

Davlat soliq qo‘mitasi yanvar-mart oylarida hisob-fakturalar avtomatik tahlil qilingach, qariyb 15 ming korxonaga QQS summasini qayta ko‘rib chiqib hisobot topshirishi to‘g‘risida xabarnoma yuborgandi. Shu borada DSQ Kun.uz’ning ayrim savollariga javob berdi.

DSQ matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, xabarnoma yuborilgan 14 988 korxona fevral oyida «obnal ishi»ga aloqador deb topilgan 10 ming tadbirkorlik sub'yektidan tashqari korxonalar hisoblanadi.

«Biz bu yerda hech kimga soliq kam to‘lagansan, demayapmiz. O‘sha 14 988ta korxonaga shubhali kontragentlar bilan ishlagansan, lozim darajada ehtiyotkorlik qilib hamkoringni tekshir, degan ogohlantirish beryapmiz. Ertaga o‘tgan safargi 10 mingta korxonaga o‘xshab «nega bizni ogohlantirmagansizlar, demanglar», deyapmiz.

Ularga hamkorini surishtirib, qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi ekanligi, sotib olinayotgan tovar yoki xizmat o‘sha kontragentida kirim qilingani to‘g‘risida hujjat bor yoki yo‘qligini bilib hisobga olishni bildirib, xabarnoma yubordik.

Xabarnomada agar, tadbirkor biznes hamkoriga ishonmasa, QQSni hisobga olish yoki olmaslikni o‘zi hal qilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Mabodo kontragenti bu tashkilotlarni aldayotgan bo‘lsa, kirim qilinmagan va QQS to‘lanmagan tovar xizmatni QQS to‘langan mahsulot sifatida sotib, bu korxonalar o‘sha QQS summasini o‘zlariga hisobga olib qo‘ysa, soliq organlari buni aniqlab, QQSni undirib oladi»,- dedi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan DSQ xodimi.

  • Avvalroq, DSQ 15 mingga yaqin korxonaga QQSni qayta hisoblash to‘g‘risida xabarnoma yuborgani ma'lum qilingandi.
  • Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.
  • DSQ shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlaridan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi undirilishini ma'lum qilgach, tadbirkorlar e'tiroz bildira boshladi.
  • 23 fevral kuni tadbirkorlar bilan uchrashgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev QQS summasini baribir to‘lash kerakligini aytib, buning uchun 6 oylik amnitsiya berilishini bildirdi.
  • Aprel oyida 8 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti 1 mayga qadar qayta hisobot topshirsa, javobgarlikka tortilmasligi ma'lum qilindi.
  • Masala atrofida muhokamalar davom etmoqda.
Top