13:16 / 20.04.2021
37172
«Taqiqni bekor qilish kerak» - Otabek Bakirov yog‘ narxi oshishini to‘xtatish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirdi

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘simlik yog‘lari narxi oshishiga jahon bozorida narx qimmatlaganidan tashqari 500dan ortiq import tovar va xizmatlarni davlat xaridlari sifatida sotib olishga qo‘yilgan taqiq ham o‘z hissasini qo‘shgan. Agar bu taqiq tezda olib tashlanmasa, narxlar yuqori sur'atda oshishda davom etaveradi.

O‘zbekistonda aholining asosiy iste'mol mahsuloti — o‘simlik yog‘lari narxi keskin oshib ketishi hamon kun tartibidagi masala bo‘lib qolmoqda. 

Joriy yil yanvarda 529 turdagi import tovar va xizmatlarini davlat xaridlari sifatida sotib olishga cheklov o‘rnatildi (Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 yanvardagi 41-sonli qarori). Ro‘yxatga o‘simlik yog‘i, xususan, kungaboqar, paxta, zaytun va araxis yog‘lari kiritilgan. Bu nimani anglatadi? Iqtisodchi Otabek Bakirov bu haqda Kun.uz’ga o‘z fikrlarini bildirdi.

 — Import o‘simlik yog‘larini davlat xaridlari sifatida sotib olishga o‘rnatilgan cheklov yog‘ narxi oshib ketishida qanday rol o‘ynashi mumkin?

— Biz o‘simlik yog‘i bo‘yicha importga juda bog‘liqmiz. O‘zimizning mahalliy ishlab chiqarishimiz o‘simlik yog‘iga bo‘lgan jami ehtiyojni 30 foizga, eng yaxshi yillarda 40 foizga qoplaydi, xolos. Haddan tashqari importga bog‘liq bo‘lganimizdan keyin qanday qilib o‘simlik yog‘ini davlat xaridlari sifatida sotib olish taqiqlangan import mahsulotlari ro‘yxatiga kiritish mumkin?

Agar mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ichki bozor talabini to‘liq qondirganda, bizda ishlab chiqarish yetarli, degan vajlar bilan o‘simlik yog‘ini bu ro‘yxatga qo‘shish mumkin edi.

Davlat xaridlari sifatida sotib olishga taqiq o‘rnatilishi nimani anglatadi?

— O‘simlik yog‘iga nisbatan davlat xaridlari bu o‘rinda masalan, armiya, kasalxonalar, izolyator va qamoqxonalar ma'muriyati kabi idoralar, davlat tasarrufidagi boshqa ijtimoiy muassasalarni (qariyalar uylari, mehribonlik va nogironlar uylari) qamrab oladi, ularning hammasi turli ko‘rinishda davlat xaridlari orqali o‘simlik yog‘ini sotib oladi.

Tasavvur qiling, agar sanalganlar import qilingan mahsulotni sotib olmasa, mahalliy ishlab chiqaruvchidan sotib olishga to‘g‘ri keladi va tabiiyki, mahalliy ishlab chiqaruvchining mahsulotiga talab oshadi. Biroq mahalliy korxonalarning quvvati to‘liq talabni qondirishga yetmaydi. Chunki, takrorlayman, bizda o‘zimizning mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘pi bilan 300 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradi, aholining talabi esa 400 ming tonna. Bundan tashqari, tarkibiga o‘simlik yog‘i solinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, oshxona va restoranlarning ham talabi bor — taxminan 250 ming tonna. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar jami 650-700 ming tonnalik talabning, eng ko‘pi bilan, xomashyo yetarli bo‘lsa, 300 ming tonnasini qoplay oladi, xolos. Shunday sharoitda cheklov kiritishning o‘zi noto‘g‘ri edi.

2020 yil 21 avgustda prezidentning 4812-sonli qarori qabul qilingandi. Shu qarorga asoslanib, 2021 yil yanvarda davlat xaridlari sifatida sotib olishga taqiq qo‘yilgan import mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlangan. O‘sha paytda (o‘tgan yil yoz oxirlarida) soya, kungaboqar kabi o‘simlik yog‘lari ishlab chiqarish uchun hosil kam yig‘ilgani to‘g‘risida ma'lumot balki yetarli bo‘lmagan, natijada bu qaror qabul qilingan. Taxminan sentyabrning oxiri va oktyabrning boshlarida shimoliy yarimsharda o‘simlik yog‘i xomashyosini yetishtiradigan Ukraina, Rossiya, Bolgariya kabi davlatlarda hosil ancha kam yig‘ilgani, buning oqibatlari ochiqlangandi. Shunga qaramasdan, taqiq ro‘yxatidan o‘simlik yog‘i mustahkam joy oldi, keyingi kunlarda vaziyat jiddiylashayotganiga qaramay ro‘yxatda qolmoqda.

— Mutaxassislar narx arzonlashi kutilmayotganini prognoz qilishmoqda. Bu vaziyatda nima qilish lozim?

— Birinchidan, ro‘yxatga kiritilgan import o‘simlik yog‘ini davlat xaridlari sifatida sotib olishga bo‘lgan taqiqni bekor qilish kerak. Chunki bu xohlaymizmi, yo‘qmi, mahalliy ishlab chiqaruvchi mahsulotiga talabni oshirmoqda, mahalliy ishlab chiqaruvchi xomashyo bazasi yetarli bo‘lgan taqdirda ham 300 ming tonna yog‘ ishlab chiqara oladi. Xomashyo kam, chigit qimmatlamoqda – shunday vaziyatda bu taqiq (o‘simlik yog‘ini davlat xaridlari sifatida sotib olishga nisbatan) ortiqcha.

Qolaversa, o‘simlik yog‘i xuddi tovarlardagi yoqilg‘i moylash materiallari xarakteristikasiga ega, deyarli barcha oziq-ovqat mahsulotlari narxida uning vazni va ulushi mavjud. O‘simlik yog‘i narxlarining yuqori sur'atlarda oshishi boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, umumiy ovqatlanish xizmatlari narxining ham oshishiga turtki bo‘ladi. Inflatsiyani bir xonali raqam doirasida jilovlash bo‘yicha qat'iy vazifa qo‘yilgan bu yilda masala juda ahamiyatli.

Ikkinchidan, odam yiliga o‘rtacha 10-15 litr o‘simlik yog‘i iste'mol qiladi. Aholining o‘simlik yog‘iga bo‘lgan talabini hisobga olib, O‘zbekistonda qanday zaxira shakllantirilgan? Bugun bu dolzarb savol. O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i davlat zaxiralari mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, nega ishlatilmayapti, degan savolga aniq javob kerak. Bozorga zaxiralardan qo‘shimcha taklif dastaklari qo‘shilishi uning ishtirokchilariga ijobiy ma'noda psixologik ta'sir ko‘rsatadi. Spekulyativ ajiotaj pasayadi.

Uchinchidan, o‘simlik yog‘i yuqori narxlari yana kamida inersiya bilan bir mavsum yuqori turadi. Demak, kungaboqar, soya ekish maydonlarini kengaytirish kerak. Hozirning o‘zida. Soya uch oyda yetiladi, undan tezda hosil olish mumkin. Bundan tashqari, uni paxta orasiga emas, o‘zini alohida maydonga ekish lozim.

To‘rtinchidan va eng asosiysi, o‘simlik yog‘i narxlarini ma'muriy yo‘l bilan cheklashdan tiyilish kerak. Ishlab chiqaruvchilarga ham, vositachi, ulgurji sotuvchilarga ham, importchilarga ham, chakana sotuvchilarga ham narxni cheklash borasida vazifalar qo‘yilishi, bosim uyushtirilishi faqat teskari samara beradi, narx o‘sishini yanada tezlashtiradi.

Avvalroq Kun.uz O‘zbekistonda birinchi chorakda kungaboqar yog‘i, aprel oyida esa paxta yog‘i keskin oshgani borasida tahliliy maqolalar e'lon qilgandi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Top