22:09 / 21.04.2021
6585
Kitobdagi 5-mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilardan ko‘ra xizmatchilar soni ko‘p bo‘lgan

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan 5-mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilardan ko‘ra xizmatchilar soni ko‘p bo‘lgan. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Kun.uz’da e'lon qilingan «Bolalar juda yomon sharoitda yashamoqda» — Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yusunova Kitobdagi mehribonlik uyi haqida» sarlavhasi ostida chop etilgan maqoladagi holatlar Qashqadaryo viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, xalq ta'limi, moliya, IIB, SEO va JSX, bandlik bosh boshqarmalari mas'ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, xalq ta'limi vazirining 2020 yil 14 fevraldagi 01-06/2-131-sonli xatida mehribonlik uylarida ota-onasi bor kam ta'minlangan oila farzandlarini joylashtirish ortib ketgani sababli ijtimoiy ahvoli yaxshilangan oila farzandlarini qaytarish orqali Kitob tumanidagi 5-sonli mehribonlik uyi faoliyatini tugatib, tarbiyalanuvchilarni Qamashi tumanidagi 4-sonli mehribonlik uyiga o‘tkazish taklifi bildirilgan. Shuningdek, unda 4-sonli mehribonlik uyini Qamashi Bolalar shaharchasiga aylantirish ham ko‘zda tutilgan.

Mehribonlik uyi faoliyatini tugatish bilan bog‘liq boshlangan ishlar, 2020 yil 24 martdan mamlakat hududida koronavirus infeksiyasiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgani munosabati bilan oxiriga yetkazilmagan.

Mehribonlik uyida 65 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lgan holda, 75 nafar xodim faoliyat ko‘rsatib kelgan. Shundan 10 nafar tarbiyachi vazifasiga nomutaxassis bo‘lgan holda faoliyat olib borgan. Tarbiyalanuvchilarning 15 nafari yetim bola (otasi ham, onasi ham vafot etgan) ekani, qolgan 50 nafarining ota-onasi yoki ulardan biri hayot ekani aniqlangan.

Shuningdek, mehribonlik uyiga qarashli binolar ta'mirtalab holatga kelib qolgani, turli jihozlar va buyumlar eskirgani, oziq-ovqat omborxonasi sanitariya talablariga javob bermasligi ma'lum bo‘lgan.

O‘rganish davomida bola tarbiyasidan ko‘ra o‘z moddiy manfaatini ustun qo‘yayotgan ayrim xizmatchilar va ota-onalar tomonidan e'tiroz bildirish holatlari ham kuzatilgan. Ta'kidlanishicha, o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, Aliya Yusunovaning Kitobdagi 5-mehribonlik uyidagi ayanchli ahvol haqidagi fikrlari Kun.uz’da e'lon qilinganidan so‘ng mazkur muassasa direktori va ombor mudiri o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun ishdan bo‘shatilgan.

Top