11:14 / 30.04.2021
21610
O‘zbekistonga o‘simlik yog‘ini olib kirish QQSdan ozod qilindi
Foto: KUN.UZ

“Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga doir choralar to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, 2021 yil maydan 31 dekabrgacha quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi:

  • O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.

Qonunga muvofiq, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha:

  • ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritiladi;
  • tadbirkorlarga o‘zlari tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larini qayta ishlash natijasida olingan o‘simlik yog‘ining (TIF TN bo‘yicha kodi 1512 11 – 1512 19) 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Avvalroq, deputatlar o‘simlik yog‘ini vaqtincha QQSdan ozod qilish borasida qaror qabul qilib, u Senatda ma'qullangandi.

Kun.uz yilning 1-choragida kungaboqar yog‘i, aprel oyida esa paxta yog‘ining narxi keskin oshib ketgani borasida tahliliy maqolalar e'lon qilgandi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi qo‘mita paxta yog‘i va chigit narxi nazoratini kuchaytirishi ma'lum bo‘ldi.

Top