Amerikaning ikki nufuzli nashri Wall Street Journal va The New York Times’da joriy yilning 15 aprelida chop etilgan maqolalarda AQSh va NATO kuchlari qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi yoki ular sonining keskin qisqartirilishi munosabati bilan mintaqada kelgusidagi harbiy amaliyotlarni o‘tkazish huquqini olish uchun Pentagon rasmiylari tevarak-atrofdagi qo‘shni davlatlar bo‘lmish Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ma'lum qilingan.
AQSh prezidenti Jozef Bayden 14 aprelda qilgan nutqida Amerikaning Afg‘onistonga intervensiyasidan ko‘zlangan birlamchi maqsad bo‘lmish Usama bin Lodin 2011 yilda yo‘q qilinishidan keyin o‘tgan so‘nggi 10 yil mobaynida amerikaliklarning Afg‘onistonda ortiq qolish sabablari borgan sari mavhum bo‘lib borayotganini ta'kidlagan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, 2001 yil 7 oktyabrda prezident kenja Jorj Bush tomonidan boshlangan «Mahv etilmas ozodlik» harbiy amaliyotidan beri 2,448 nafar amerikalik harbiy va fuqaro halok bo‘lib, 20,772 kishi yarador bo‘lgan.
«Hozirda men Afg‘onistonda amerikalik qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilayotgan to‘rtinchi prezident bo‘laman: ikki respublikachi, ikki demokrat. Ushbu mas'uliyatni 5-prezident gardaniga yuklamoqchi emasman», degan Bayden. Bu so‘zlarini u ramziy ma'noda Oq uyning Jorj Bush urush boshlanishini e'lon qilgan xonasidan turib aytgan.
The New York Times gazetasi toki AQSh qo‘shinlarini shu yil 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan olib chiqib ketar ekan, Pentagon G‘arb ittifoqchi davlatlar bilan bahamjihatlikda mintaqada ko‘zga kam tashlanuvchi, ammo ushbu mamlakatning yana bir bor mutaassiblar qo‘nimgohiga aylanishini bartaraf etish salohiyatiga ega qurolli kuchni joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasini tuzib chiqayotganini ma'lum qilgan. Unda xabar berilishicha, 10 yil avval Barak Obamaning Amerika qo‘shinlarining Iroqdan olib chiqib ketish qarori ortidan uch yil o‘tib yuzaga kelgan IShID bilan bog‘liq og‘ir saboqlardan xulosa chiqargan holda AQSh harbiy rasmiylari qurolli kuchlarni qayerga, ehtimol Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda joylashtirish fikrini ittifoqchi davlatlar bilan muhokama qilgan. Bunda davlatlarning ketma-ketligi ingliz tili alifbosiga zid ravishda aynan shu tarzda – Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston, deb berilgan. Wall Street Journal gazetasi esa The New York Times’dan o‘sha kuni bir necha soat avval chop etilgan bo‘lsada




















