22:07 / 03.05.2021
7583
O‘zbekistonda 14ta klaster o‘tgan yilgi hosildan olingan chigitni birjaga chiqarmagani ma'lum qilindi

O‘tgan yil yetishtirilgan paxta hosilidan olingan chigitni mamlakatdagi 14ta klaster korxonasi birja savdolariga chiqarmagan. Bu haqda bugun, 3 may kuni bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Rahimov rahbarligida paxta va kungaboqar yog‘i ishlab chiqarilishini ko‘paytirish, narx-navo barqarorligini ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, 2020 yilda 114ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan jami 3 million 82 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilgan. Bugungi kungacha ushbu paxta hosilidan olingan chigitning 748 ming tonnasi birja savdolarida sotilgan.

Biroq ayrim klaster korxonalari tomonidan olingan chigit to‘liq yoki umuman birja savdolariga qo‘yilmagan. Jumladan, mamlakatdagi 14ta klaster korxonasi paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan chigitni birja savdolariga chiqarmagan.

Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan paxta hamda kungaboqar yog‘i keskin oshgan bo‘lsa, ayrim savdo nuqtalarida mahsulot ishlab chiqaruv nomiga (brend) ko‘ra qimmat narxlarda sotilgan.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilishda sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqid qilingan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyat prokurorlarining o‘rinbosarlari, Departament, IIB rahbarlariga bu borada nazoratni kuchaytirib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rib borishga oid topshiriqlar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda O‘zbekistonda paxta va kungaboqar yog‘lari narxi keskin oshib ketdi. Bu esa aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘ldi. 30 aprel kuni prezident tomonidan joriy yil 30 dekabrgacha import qilinadigan yog‘larni QQS solig‘idan ozod qilish haqida qonun imzolandi.

Top