14:05 / 14.05.2021
5326
Toshkentdagi maktablar bitiruvchilarining 85 foizi OTMga hujjat topshirmoqchi

Joriy o‘quv yilida poytaxtlik bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy o‘quv yilida Toshkent shahrida 24 mingdan ortiq bitiruvchi oliygohlarga hujjat topshiradi. Bu haqda Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Ahmadjonova xabar berdi.

Farog‘at Ahmadjonova bitiruvchi o‘quvchilarning bandligi masalasiga to‘xtalib o‘tar ekan, joriy o‘quv yilida Toshkent shahridagi maktablarda 29 mingdan ortiq o‘quvchi 11-sinf bitiruvchilari ekanini ma'lum qildi. 

«Bitiruvchilar bilan maktabni tamomlagandan so‘ng rejalashtirayotgan ishlari haqida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 24 mingdan ortiq, ya'ni 85 foiz bitiruvchilar oliy ta'lim muassasalarida o‘qish istagini bildirishdi. 1700dan ortiq o‘quvchi kasb-hunar kollejlari va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan bo‘lsa, 2000dan ortiq o‘quvchilar maktabni bitirib, ishlash istagini bildirishgan. 400dan ortiq bitiruvchi xorijda ta'limni davom ettirish va mehnat faoliyatini ham boshlash niyatini bildirgan. Ularning 274 nafari esa harbiy xizmatni o‘tash istagi borligini aytishgan.

Shu bilan birga, ta'limga tortilmaydigan 57 nafar nogironligi bor bitiruvchilar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ularni uy sharoitida bo‘lsa ham bandligini ta'minlash ishlari hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilmoqda», deydi Farog‘at Ahmadjonova.

O‘tgan yili bitiruvchilarning 36 foizi OTMlarga o‘qishga kirgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida bu natija ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Chunki ayni paytda poytaxt maktablarida 70dan ortiq o‘quvchi muddatidan avval xorij OTMlarga o‘qishga kirgan.

2020 yilda bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tahlili yuzasidan Toshkent shahri respublikada 2-o‘rinni egallagan va Xalq ta'limi vaziri superkontrakt hamda yangi ochilayotgan xususiy va xorijiy universitetlar qabullari natijalari bo‘yicha Toshkent shahri ko‘rsatkichida yil yakunigacha qo‘shimcha o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Vazir Sherzod Shermatov oliy ta'lim muassasasiga bironta ham o‘quvchisi kirmagan maktablar soni 2020 yilda 3 barobarga kamayib, 692tani tashkil etayotgani haqida ma'lumot bergandi. Ma'lumot uchun, bunday maktablar soni 2019 yilda 2126ta bo‘lgan.

Top