15:22 / 02.06.2021
6276
Sudyalar oliy kengashi «obnal ishi» doirasida ma'muriy suddagi 2 xil standart bo‘yicha munosabat bildirdi

Toshkent tumanlararo ma'muriy sudi soliqchilarning naqdlashtiruvchi firmalarga qarshi kurashiga doir bir tadbirkorning arzini qanoatlantirib, xuddi shu mazmundagi boshqa bir tadbirkor da'vosini ko‘rib chiqishga qabul qilmagan edi.

Toshkent tumanlararo ma'muriy sudi  «obnal» voqeasi doirasida 2ta bir xil mazmundagi arizaning birini ko‘rib chiqib qanoatlantirgan, boshqasini esa iqtisodiy sudga taalluqli deya, ko‘rib chiqishni rad etgandi.

Kuni kecha Sudyalar oliy kengashi mas'ullari matbuot anjumanida berilgan savolga javoban bu holga munosabat bildirdi.

Kengash vakili Malika Qalandarova yagona sud amaliyotini shakllantirish kengash bilan birga Oliy sudning ham vazifasi ekanini, Oliy sud amaliyotda ziddiyatlar vujudga kelganda ularni hal qilish bo‘yicha Plenum qarorlari qabul qilishini ta'kidladi.

Malika Qalandarova

Qalandarovaga ko‘ra, kengash bu borada amaliyotning turli xilligini bartaraf etish maqsadida Sudyalar klubini tashkil etgan.

U yuqoridagi vaziyatda kengash biror bir sudyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushuntirish berolmasligini, uning harakatiga yuqori instansiya sudi baho bera olishini bildirdi.

Otabek Mirzamahmudov

Kengashning yana bir vakili Otabek Mirzamahmudov o‘rinli masala ko‘tarilganini, bunday ikki xil harakat fuqarolarda e'tiroz paydo qilishini qayd etdi. Biroq ushbu vaziyatda sud qarori hali muhokama bosqichidaligi tufayli fikr bildirolmasligini, keyinchalik xilma-xillikni bartaraf etish maqsadida seminarlar o‘tkazilishini ta'kidladi.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Top