12:49 / 01.07.2021
8771
Bolalarda «delta» shtammiga chalinish holatlari besh baravarga oshgani ma'lum qilindi

Bolalar koronavirusning «delta» shtammi bilan besh barobar ko‘proq kasallanmoqda. Bu haqda Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi prezidenti, professor-immunolog Almaz Sharman ma'lum qildi.

Professor vaksina olmaganlar pandemiyaning eng xavfli bosqichiga kirayotganliklarini anglashlari lozimligini ta'kidlagan va koronavirusning delta-varianti haqida o‘z xavotirlarini bildirgan.

Jumladan:

  • barcha avvalgilariga qaraganda 60 foizga ko‘proq yuqumli;
  • o‘lim xavfini sezilarli darajada oshiradi;
  • bolalar 5 barobar ko‘proq kasallanmoqda;
  • delta-variantini yuqtirishga eng ko‘p moyil bo‘lganlar vaksina olmaganlardir.

Dastlab Hindistonda aniqlangan bu shtamm ayni vaqtga kelib dunyoning 80dan ortiq davlatida aniqlangan. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bu shtamm butun dunyoni egallayotganidan xavotir bildirmoqda va 24 iyun kuni O‘zbekistonda ham bu shtamm aniqlangani ma'lum bo‘ldi.

Bu shtamm bolalarda ko‘p uchrayotgani bilan xavf tug‘dirmoqda

«Delta» shtamm yuqumliligi yuqori va vaksinalarga chidamliroq hisoblanadi. Hindistonda koronavirusdan sog‘aygan bolalar orasida multitizim yallig‘lanish sindromi bilan kasallanish ko‘paygani aytildi.

Shuningdek, O‘zbekiston ham bu xavfdan xoli emas. SSV bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘paygani haqida ma'lumot berib, Zangiotadagi maxsus kasalxonada 200 nafarga yaqin bolalar koronavirusdan davolanayotganini ma'lum qildi. Ammo bu bolalar koronavirusning qaysi shtammi bilan zararlangani haqida ma'lumot berilmagan. Ma'lumki, bugungi kunda vaksinatsiya jarayonlari faqat 18 yoshdan oshganlar orasida faol olib borilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan homiladorlar va bolalar uchun vaksina yaratish ustida ish olib borilayotgani va ba'zi vaksinalar klinik sinovlardan o‘tkazilayotgani aytilgan edi. Shu kunga qadar bolalar uchun tatbiq etilgan birorta vaksina haqida ma'lumot mavjud emas.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top