14:40 / 07.07.2021
4890
O‘zbekistonliklar uchun vizasiz tashrif, mamlakatga kirish talablari – Indoneziya vizasi haqida

UzbekLife xorijiy mamlakatlar vizalari haqidagi turkum materiallarni berishda davom etadi. Ushbu maqola orqali ko‘plar uchun qiziq bo‘lgan Indoneziya mamlakati vizasi turlari, ularni olish tartibi borasida ma'lumot beramiz.

Indoneziya viza siyosati tashrif buyuruvchining mamlakatiga va safar muddatiga qarab farq qiladi.

 Sayyohlik vizasi

Indoneziya 169 ta mamlakat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tashrif rejimini joriy qilgan. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Ya'ni O‘zbekiston fuqarosi viza olmasdan turib, Indoneziyaga sayyoh sifatida kirishi va u yerda 30 kungacha qolishi mumkin. Ushbu shaxslar Indoneziyada shunchaki sayohat qilishi, oila a'zolari va qarindoshlarini ko‘rgani borishi (agar Indoneziyada bo‘lsa), san'at va madaniy tadbirlarda qatnashishi, hukumat topshirig‘i bilan kelishi hamda tranzit qilishi mumkin. Ammo vizasiz ishlashi, o‘qishi va biznes qilishi viza talablarini buzish hisoblanadi.

Indoneziyada uzoq muddat yashash uchun viza

Arizalarni topshirish jarayoni va vizalarni ko‘rib chiqish vaqtlari talab qilinadigan viza turiga qarab juda farq qiladi. Odatda, ish va o‘qish vizalari kabi uzoq muddatli ruxsatnomalar ko‘proq vaqt talab etadi va ularni olish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi.

Uzoq muddatli yashash uchun olingan vizalar Indoneziyaga faqat bir marta kirish uchun ruxsat beradi. Ammo Indoneziyaga borgach, qolish uchyn ruxsat olsangiz, u mamlakatga ko‘p marta kirib chiqishingizga ruxsat beradi.

  • Mehnat vizasi
  • Talaba vizasi
  • Nafaqa vizasi
  • Oila vizasi
  • Tadqiqot vizasi

Indoneziya elektron vizasini olish uchun:

-        to‘ldirilgan onlayn viza so‘rovnomasi;

-        shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, fotosuratlar va taklifnoma, agar mavjud bo‘lsa);

-        to‘lov amalga oshirish.

Indoneziyada o‘qish

Indoneziyada o‘qish uchun avval ijtimoiy/madaniy tashrif vizasini qo‘lga kiritish kerak. So‘ng talaba vizasiga ariza topshirish huquqiga ega bo‘linadi. Talaba vizasi faqat Indoneziyada bo‘lganingizdan so‘ng beriladi.

Ijtimoiy/madaniy tashrif vizasi

U yagona kirish vizasi bo‘lib, 60 kun amal qiladi. Talaba vizasi tasdiqlanishi bilan beriladi.

Talaba vizasi

Indoneziyaga borgach, talabalar o‘zlarining ijtimoiy/madaniy tashrif vizalarini talaba vizasiga almashtirish uchun Immigratsiya Bosh idorasiga murojaat qilishi lozim. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma ham talab qilinadi. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma 12 oyga beriladi va undan keyin uni uzaytirish mumkin. Talaba vizasini olish uchun Indoneziyadagi biror oliygohga qabul qilingan bo‘lishingiz zarur. Vizani olish uchun o‘rtacha 1,5 – 2 oy vaqt ketadi.

Mehnat vizasi (KITAS)

Ushbu turdagi viza ish beruvchi kompaniyaga ma'lum bir chet ellik xodimning ma'lum bir lavozimda ishlashi uchun beriladi. Shuning uchun KITAS’ga ishga joylashishdan oldin ariza topshirish mumkin emas.

KITAS’ga murojaat qilish uchun siz ish topishingiz yoki o‘zingizning kompaniyangizni ochishingiz kerak.

Mahalliy fuqarolarning milliy maishiy siyosatidan kelib chiqib, chet elliklarni yollamoqchi bo‘lgan kompaniyalar talab qilinadigan lavozim uchun chet el fuqarosini yollash zarurligini isbotlashlari lozim.

Ishga ruxsat berish turlicha muddatga berilishi, bunda u uzaytirilishi yoki uzaytirilmasligi ham mumkin. Bu turli faktlarga bog‘liq.

Ba'zi hollarda siz har yili uzaytiriladigan 5 yillik mehnat vizasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Ayni paytda ushbu 5 yillik KITAS’ni faqat quyidagi holatda olish mumkin:

- Indoneziyadagi o‘z kompaniyangizning direktori bo‘lishingiz kerak.

- Indoneziyada ishlashni rejalashtirgan sohada 5 yillik tajribaga ega bo‘lishingiz zarur.

Arizachiga qo‘yiladigan talablar:

- Diplom

- Tavsifnoma

- Pasport

- Biometrik pasportdan nusxa

- 6 dona surat

- Tarjimayi hol.

Viza to‘lovlari

Viza muddatini uzaytirish avval to‘lagan summangiz bilan bir xil bo‘ladi. Viza muddati tugagandan so‘ng ham Indoneziyada qolsangiz, har bir kun uchun 70 AQSh dollari to‘laysiz. Shuning uchun viza muddatini vaqtida uzaytirishni unutmang.

Fotosuratga qo‘yiladigan talablar

Sayohatchilar Indoneziyaga elektron viza olish uchun pasportga talab qilinadigan shakldagi suratini elektron ko‘rinishda taqdim etishi kerak. Talabga javob bermaydigan suratni joylash viza so‘rovi rad etilishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Fotosuratga qo‘yiladigan talablardan biri uning hajmi. Juda katta va juda kichkina suratlar rad qilinadi. To‘g‘ri o‘lchov 5.08 x 5.08 sm. Bosh o‘lchovi (iyakdan boshning eng yuqori qismigacha) – 35 va 40 mm bo‘lishi shart.

Hajmdan tashqari viza olish uchun taqdim etilayotgan surat quyidagi talablarga ham javob berishi kerak:

  • Yuz ifodasi;
  • Rangga qo‘yilgan talablar;
  • Ko‘zoynak va boshqa aksessuarlar.

Arizachi suratga tushayotganda tabassum qilmasligi, neytral holatda bo‘lishi lozim. Og‘zi yopiq bo‘lishi, tishlari ko‘rinmasligi kerak.

Surat rangli bo‘lishi zarur. Oq-qora tasvirdagi suratlar yoki kompyuterda rang berilgan suratlar qabul qilinmaydi. Shuningdek, arizachi oq fonda rasmga tushishi talab etiladi.

Suratga tushayotganda shlyapa va boshqa bosh kiyimlari yechib qo‘yilishi kerak. Faqat diniy maqsadlarda kiyiladigan bosh kiyimlarga ruxsat beriladi.

Shuningdek, taqinchoqlar, sharf va boshqa aksessuarlar ham yechib qo‘yilishi lozim.

Surat eski bo‘lmasligi, ariza topshirgan vaqtda 6 oydan oshmagan bo‘lishi zarur. Tashqi ko‘rinishida keskin o‘zgarish bo‘lgan arizachilar qayta suratga tushishi, Indoneziya chegarasidagi mas'ullar ularni tanib olishda muammoga uchramasligi kerak.

Vaksinatsiya

Indoneziya bezgak va chivin bilan yuqadigan boshqa kasalliklar, masalan, denge isitmasi, zika virusi xavfi bo‘lgan tropik davlat bo‘lgani uchun u yerga safar qilishdan oldin vaksina olish kerak. Indoneziyaga sayohat qilish uchun aniq biror vaksina talab qilinmasa ham, barcha chet el fuqarolariga sayohatlaridan oldin quyidagi muntazam emlashlarni qabul qilishlari tavsiya etiladi:

- Suvchechak (Varitsella)

- Difteriya(bo‘g‘ma)-qoqshol-yo‘tal

- Gripp

- Qizamiq-tepki-qizilcha

- Poliomiyelit.

Bundan tashqari, Gepatit A uchun emlanmagan 1 yosh va undan katta yoshdagi sayohatchilar, shuningdek, 6 oydan 11 oygacha bo‘lgan chaqaloqlar Indoneziyaga sayohat qilishdan oldin emlanishlari kerak.

Indoneziyadagi do‘stlari va qarindoshlari bilan yashashni yoki kichik shaharlarga yoki qishloq joylariga borishni rejalashtirayotganlarga sayohat qilishdan oldin tifga (ich terlama) qarshi emlanish tavsiya etiladi.

Ziyodaxon G‘ulomova,

UzbekLife kolumnisti

Top