20:05 / 31.07.2021
10534

Bugun – “Tashabbusli budjet” bo‘yicha takliflar qoldirishning oxirgi kuni

Ayni paytda “Ochiq budjet” portaliga joylashtirilgan muammolar yechimiga oid loyihalar taklifi 38 ming 640 tani tashkil etmoqda.

Moliya vazirligi “Ochiq budjet” axborot portalini yangi talqinda ishga tushirgan edi. Portalda fuqarolar o‘z hududlarida uchrayotgan kamchiliklar yechimiga mahalliy budjetdan pul ajratish taklifini bildirishi mumkin.

Ayni paytda “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘yicha portalga kelib tushgan murojaatlar soni 38 640 tani tashkil etmoqda.

Kun.uz 19 iyul kuni bergan xabarda fuqarolar tomonidan asosan elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minoti va yo‘l ta'mirlash kabi muammolar yechimini so‘rab, 3 123 ta murojaat yozib qoldirilgani ma'lum qilingandi. Shundan keyin o‘tgan 11 kun davomida takliflar ko‘rsatkichi qariyb 12 baravar o‘sgan.

Vazirlikka ko‘ra, murojaatlar qabul qilish bugun, 31 iyul kuni soat 23:59 da yakunlanadi. Ungacha takliflar yo‘llash mumkin.

Portalda keltirilishicha, respublikadagi barcha tashabbuslar uchun ajratilgan mablag‘ miqdori ham ortgan va hozirda 238,6 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Taklif bildirganlarning 63 foizi erkaklar, 37 foizi ayollar hisoblanadi. Shundan murojaatchilar 18-30 yoshgacha (28 foiz), 30-50 yoshgacha (56 foiz), 50 yoshdan yuqorini (16 foiz) tashkil etdi.

Eng ko‘p taklif bildirgan hududlar Buxoro viloyati (5 224 ta), Qoraqalpog‘iston (4 661 ta) va Farg‘ona viloyati (2 546 ta) bo‘lgan. Eng kam ko‘rsatkich esa Surxondaryo (1 388 ta), Navoiy viloyati (1 407 ta) va Sirdaryo viloyatida (1 480 ta) kuzatilgan.

Murojaatlar qabul qilish nihoyasiga yetgach, tashabbuslarni saralash jarayoni boshlanadi. Loyihalar 10 ish kuni ichida saralab olinadi.

20 kun davomida, ya'ni 1 sentyabrga qadar loyihalar ovozga qo‘yiladi. So‘ngra tuman va shahar xalq deputatlari qarorlariga muvofiq, g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlari boshlanadi.

Fuqarolarning portalda takliflar bilan ishtirok etishi bir yilda ikki marta amalga oshiriladi.

Portalga har yili 10 fevralga qadar o‘tgan yilda jamoatchilik fikri asosida sarflangan mablag‘lar to‘g‘risida hisobot joylashtirib boriladi. Bajarilgan ishlar jamoatchilik nazoratida bo‘lishi ma'lum qilindi.

Top