12:48 / 04.09.2021
7043
“Toshkent” xalqaro aeroportida yangi uchib ketish zali foydalanishga topshirildi

3000 kv.m. 12ta ro‘yxatga olish darchasidan iborat maydon. 12 yo‘lakli bojxona va chegara nazorati punktlari. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yangi uchib ketish zali ochildi. U soatiga 600 kishiga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Bundan tashqari, 6 yo‘lakli aviatsiya xavfsizligi nazorati punkti, teleskopik trap orqali chiqish yo‘lagi va avtobuslarga chiqish uchun 2 ta darvoza ham barpo qilingan. Qolaversa, Duty Free do‘konlari, kafelar yo‘lovchilar xizmatiga shay. Ona va bola xonasi esa, ota-onalar og‘irini yengil qilishi shubhasiz. Shuningdek, aeroportning samolyotlarga xizmat ko‘rsatishdan tashqari daromadlarini oshirish maqsadida 2000 kv.m maydonni tijorat faoliyati uchun taqdim etish rejalashtirilgan.

3 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yangi uchib ketish zali foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta'kidlanishicha, ushbu rekonstruksiya ishlari yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, qurilish ishlari "O‘zpromkholodmontaj" MChJ tomonidan bajarilgan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi bu xalqaro aeroport xorijlik sayyohlarda juda yaxshi taassurot qoldirishi va buning ortidan ularning soni yanada ortishiga tilak bildirdi.

Qayd etilishicha, “Toshkent” aeroporti xalqaro yo‘nalishlar uchib ketish zalini rekonstruksiya qilish ishlarining ikkinchi bosqichi joriy yil oktyabr oyida boshlanadi va 2022 yilning may oyida yakunlanadi.

Qurilish ishlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar va yangi uchish zalining optimal funksionalligi, shubhasiz, yo‘lovchilarga parvozdan oldin yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish va poytaxt aeroportida vaqtni maroqli o‘tkazish imkonini beradi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu uchib ketish zali oktyabr oyiga qadar test rejimida ishlaydi. Oktyabr oyidan to‘liq tartibda xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 10 iyulda I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida xalqaro yo‘nalishlar terminaliga olib boruvchi estakada bo‘ylab avtotransport harakati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Top