13:06 / 12.10.2021
8625

Termiz shahridagi yangi qurilgan ikki qavatli uylarning kanalizatsiyaga ulanmagani aholini sarson qilmoqda

Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat Termiz shahri Manguzar mahallasida yashovchi aholi tomonidan yo‘llandi. Murojaatda yozilishicha, mahalladagi yangi qurilgan 8 ta ikki qavatli uy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagani uchun ularda yashovchi fuqarolar sarson bo‘lmoqda.

Murojaatda ma'lum qilinishicha, prezidentning 2016 yil 21 oktyabrdagi «2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida» PQ-2639-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Termiz tumani Manguzar mahallasi hududida 8 dona 16 xonadondan iborat 2 qavatli uy-joylar qurilgan. Keyinchalik mazkur uylar qurilgan mahalla Termiz shahar hududiga o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur uy-joylar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagani sababli, har biri 16 xonadondan iborat 2 qavatli uy uchun alohida maxsus chuqur (yama)lar tashkil qilingan. Ushbu chuqurlardagi oqova va chiqindi suvlarni xonadonlarda yashovchi fuqarolar pul yig‘ib maxsus avtotransport vositalari orqali og‘zaki kelishuvga asosan tozalatib kelishgan.

Murojaatchilarning yozishicha, bugungi kunda mazkur xonadonlarda yashovchi ayrim fuqarolar puli yo‘qligini, uy bo‘sh turganini aytib pul bermayapti. Oqibatda chuqurlar to‘lib, oqova va chiqindi suvlar yer ustiga sizib chiqmoqda va undan taralayotgan o‘tkir badbo‘y hid yon-atrofga taralib, odamlar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda bu yerda aholi 1 metr kub suv uchun 1200 so‘mdan to‘lab kelmoqda. Faqat bir marta 2021 yilning fevral oyi oxirlarida «Viloyat suvoqova» xizmatidanmiz» deb bir shaxs kelib, 1 metr kub suv uchun 2000 so‘mdan to‘lashsa oqova va chiqindi suvlarni o‘z vaqtida maxsus transport vositalari orqali tortib, tozalab ketishlarini aytgan. Biroq ushbu fuqaro shu bilan qaytib kelmagan.

Shundan so‘ng aholi Surxondaryo suv ta'minoti MChJ va Termiz shahar hokimligiga muammo yuzasidan murojaat qilgan. Murojaatga javoban Surxondaryo suv ta'minoti MChJ Manguzar mahallasidagi 2 qavatli uylar kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagani uchun aholi va ushbu tashkilot o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma tuzilishi lozimligi aytilgan.

Termiz shahar hokimligi esa Manguzar mahallasida joylashgan 2 qavatli uylarni markazlashgan kanalizatsiyaga ulash loyihasi tayyorlash jarayonida ekanini ma'lum qilgan. Shahar hokimligining javob xatida loyiha qachon tayyor bo‘lishi va qachon amalga oshirilishi haqida aniq sanalar ko‘rsatilmagan.

«Atrof badbo‘y hid bilan to‘lgani uchun kun-u tun derazalarimizni yopib yashashga majbur bo‘lmoqdamiz. Holat yuzasidan bir necha marotaba viloyat, tuman mutasaddi rahbarlariga murojaat qildik, biroq murojaatlarimiz besamar ketmoqda. Ushbu jarayonni muvofiqlashtiruvchi, pul bermaydigan ayrim fuqarolarga nisbatan ta'sirchan choralar ko‘rish vakolatiga ega biror bir mutasaddi davlat idorasi topilmayapti. 3 yildan beri og‘ir ahvolda yashab kelmoqdamiz.

Ushbu holat qaysi davlat idorasi zimmasiga yuklatilganligi, kimning nazoratida ekanligi, qonuniy yechimi mavjudmi kabi savollar hali-hanuzgacha ochiqligicha qolib ketmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur holatning yechimi yuzasidan vakolatingiz doirasida ko‘rib chiqilishi hamda qonuniy yechim topilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz», deyiladi murojaatda.

O‘ylaymizki, Termiz shahar hokimligi va tegishli tashkilot mutasaddilari Manguzar mahallasidagi 2 qavatli uylarda yashovchi fuqarolar duch kelayotgan muammoning yechimi choralarini ko‘radi.

Top