16:42 / 20.10.2021
2286
“Arxeologik yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilish holati qoniqarli emas” – senator

Senator Baxtiyor Sayfullayevga ko‘ra arxeologik yodgorliklarni saqlash qoniqarsiz ahvolda. Xususan, himoya devorlari bilan o‘rab olinmagani sababli tarixiy tepaliklar yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Foto: KUN.UZ

“Sentabr oyida qo‘mitamiz tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi bilan “Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning Toshkent shahridagi ijrosini o‘rganganimizda poytaxtdagi 56 ta madaniy meros obektining kadastr hujjatlari yo‘qligi, 256 tasiga muhofaza belgilari, 200 tasiga esa yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilmagani aniqlandi. Shuningdek, madaniy meros obektlariga jamoatchilik inspektorlari to‘liq biriktirilmagan.

Arxeologik yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilish holati qoniqarli emas. Tarixiy tepaliklarning atrofi himoya devorlari bilan o‘rab olinmagan, tuproqlari mahalliy aholi tomonidan qazib olinib, o‘z shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborilayotgani oqibatida ular yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Ayrim yodgorliklar atrofiga chiqindilar tashlab ketilmoqda. Afsuski, bunday muammolar nafaqat Toshkent shahrida, balki boshqa hududlarda ham mavjud. Davlat dasturidagi topshiriqlar o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishiga hukumat hamda parlament birdek mas'ul ekanini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. Shuning uchun bu borada kerak bo‘lsa hududlarga birgalikda o‘rganishga chiqish va qo‘mitalarning sayyor majlislarini o‘tkazib, real holatni muhokama qilish maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, deydi Yoshlar, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida hukumat madaniy meros obektlarining himoyasini ta'minlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilishi lozimligiga to‘xtalgan edi.

2021 yilning mayida VIII-IX asrlarga taalluqli Mingo‘rik shahristoni yodgorligi yonida Toshkent shahar IIBBning Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosi qurilishi boshlangan, Madaniy meros departamenti vakili Kun.uz’ga qurilish ishlari qonunchilik talabiga zid ravishda ilmiy-ekspert kengashining tegishli xulosasini olmasdan boshlab yuborilganini aytgandi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov shu yilning 24 iyun kuni Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishida madaniy meros obektlarimizni tiklash, restavratsiya qilish, qadimiy arxitekturasini yo‘qotmagan holda saqlab qolish, raqamlashtirish, samarali menejmentni joriy qilish va kelajak avlodga yetkazish maqsadida Turkiy kengash huzurida a'zo davlatlarning mablag‘i asosida Madaniy meros obektlarini asrash jamg‘armasini tashkil qilishni taklif etgandi.

Top