“Ogohlantiruvchi taxtachalarimizni olib ketib qolishmoqda” - Qadimiy tepaliklarni saqlashdagi muammolar ma’lum qilindi
28 sentabr kuni AOKA binosida Madaniy meros agentligi mas’ullari ishtirokida O‘zbekistonning arxeologik merosi muhofazasi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir davomida Kun.uz muxbiri qadimiy tepaliklarni saqlab qolishda faqat jarima tizimidan emas, targ‘ibot ishlarini oshirish yo‘lidan borish samarali bo‘lishi borasida savol bilan murojaat qildi.

— Ko‘pchiligimiz tug‘ilib o‘sgan, yashayotgan qishloqlarimizda qadimiy tepaliklar bor va ular tarixiy tepalik sifatida Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Har safar odamlar tomonidan o‘sha tepaliklarga zarar yetkazilarkan, sizlar u haqda zarar yetkazgan kishi falon so‘m jarimaga tortildi, deya ma’lumot berasiz. Lekin biror marta o‘sha tepaliklarga uning madaniy meros obekti ekani haqida belgi qo‘yib qo‘ymaysiz.
Hisobot berish, kimnidir jarimaga torttirish oson ish, lekin amaliy ish ham kerak-ku, nega sizlarda shuni ko‘rmaymiz?
Tursunali Qo‘ziyev, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari
— Ishlamayotganimizda buncha madaniy meros obektlarini saqlab turish bo‘lmasdi. Qonunchilikda tarixiy, madaniy meros obektlariga zarar yetkazganlik uchun alohida javobgarlik bor. Joylarda siz aytayotganday ogohlantiruvchi taxtachalarni olib tashlash kabi holatlar kuzatilyapti. O‘rnatilsa ham, saqlab qolish qiyin bo‘lyapti.
Bir misol, Surxondaryoda fransiyalik arxeologlar o‘zi ishlayotgan joyda maxsus ogohlantiruvchi plakatlar o‘rnatishgan bo‘lgan, ammo odamlar shuni ham yo‘q qilishibdi. Hali bu borada targ‘ibot ishlari ham olib borishimiz kerak bo‘ladi.
Akmal Yorkulov, Madaniy meros agentligi bo‘lim boshlig‘i
— Arxeologik, tarixiy obektlarga ogohlantiruvchi taxtachalari o‘rnatish davom etyapti, lekin ayrim kamchiliklar yo‘q emas. Hali to‘liq qamrab ololganimiz yo‘q. Sababi ayrim ishlar mahalliy hokimliklarga yuklatilgan, ammo kechiktirishlar yoki mablag‘ ajratmaslik holatlari bo‘lyapti. Bundan tashqari, tarixiy obektlarning holatini har yili yoki ikki yilda bir o‘rganib chiqamiz. O‘rnatilgan muhofaza ogohlantiruvchi belgilarni kimlardir tomonidan yo‘q qilish holatlari mavjud. Har yili ogohlantiruvchi belgilar masalasiga qaytilyapti va qayta o‘rnatishga harakat qilyapmiz. Jamoatchilik bilan ishlashga to‘g‘ri keladi bu bo‘yicha. Joylardagi jamoatchilik inspektorlarimiz holat bo‘yicha xabar beradi bizga.
Hozirda 4 mingdan ziyod obektga ogohlantiruvchi belgi-taxtachalar o‘rnatilgan. Umumiy 4 748 ta arxeologik obektlar mavjud bo‘lib, shu o‘rnatilganlar orasida ogohlantiruvchi belgilarni yo‘q qilish yoki yaroqsiz holga keltirish holatlari ham bor. Aftganimdek, har yili ko‘rib chiqiladi.
Saidazizxon Aliyev, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i
— Ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatishni nazoratga olganmiz, oxirigacha yetkazishimiz kerak. Zarar yetkazayotgan odamlar qayerdan biladi madaniy meros ekanini, degan savolingizga e’tibor qaratmoqchiman. Ishontirib aytamanki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov-surishtiruv paytida ayblanuvchi rostdan ham bilib yoki bilmay qilganini aniqlaydi. Va javobgarlikka tortilayotgan paytda barchasi inobatga olinadi. Shu kungacha bu bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarida ayblangan fuqarolar yoki mansabdor shaxslar bilib turib qilgan bu ishni, bilishi kerak bo‘lgan holat. Bilmagan odamni qat’iy javobgarlikka tortib yuborish holati bo‘lmaydi.
Viloyat prokurorlari hokimlikka tashabbus bilan chiqib, mablag‘ ajratilib, ogohlantiruvchi belgilar qo‘yish, atrofini o‘rab olish ishlari bo‘lyapti. Hokimliklarga va o‘zimizga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlaymiz. Muammolar bor, yo‘q emas.
Mavzuga oid

20:46 / 27.12.2023
«Qadriyat» elektron platformasi va mobil ilovasi yaratiladi

16:31 / 29.09.2023
«Sharq» nashriyoti va O‘zAga tegishli binolarni xususiylashtirish bilan bog‘liq jarayon haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi

08:13 / 25.08.2023
O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq madaniy meros obekti davlat muhofazasiga olingan

17:26 / 21.07.2022