16:28 / 20.10.2021
2599
“Mehribonlik uylari bitiruvchilari bo‘lgan talabalarga har yili berilishi kerak bo‘lgan subsidiyalar ajratilmagan” - senator

20 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova bolalar uyi bitiruvchilari uchun joriy etilgan imkoniyatlar to‘liq yo‘lga qo‘yilmayotgani haqida gapirdi.

Senatorning aytishicha, mehribonlik uylarida tarbiya topgan va bugungi kunda davlat tomonidan berilgan yotoqxonalarda yashayotgan 610 nafar yetim bolaning aksariyati nihoyatda ayanchli holatda yashashmoqda. Shunday bolalardan 35 nafari haqida Xalq ta'limi vazirligi ma'lum qilgan.

“Oxirgi yillarda 30 yoshgacha bo‘lgan mehribonlik uylari bitiruvchilari 3700dan ortiqni tashkil qiladi. Biri ishlayapti, biri ishsiz. Bular orasida farzandli bo‘lib, bolalarini mehribonlik uylariga topshirgan holatlar uchrayapti. Yana yetimlar paydo bo‘lyapti. Bunday bolalarga 25 yoshgacha e'tibor qaratish kerak deb o‘ylayman”, dedi senator.

Dilorom Toshmuhamedova olib borilayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilayotgan sustkashliklarga ham to‘xtaldi.

“Moliya vazirligi tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ularning kollej, litsey yoki OTMda o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marta o‘quv ilmiy-badiiy adabiyotlar, kitoblar bilan ta'minlanishi uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan BHMning 5 barobari miqdorida ajratilishi kerak bo‘lgan subsidiyalar ajratilmagan.

Shuningdek, davlat oliy ta'lim muassasalarida o‘qishni davom ettirayotgan yetim bolalar uchun 2021 yilning 1 sentyabridan boshlab berilishi lozim bo‘lgan stipendiya to‘lovlarini 50 foizga oshirilgan holda to‘lash vazifasi bajarilmagan. Ularga dars beruvchi professor-o‘qituvchilarga ham to‘lanishi lozim bo‘lgan moddiy rag‘batlantirish joriy etilmagan. Bu bo‘yicha hukumat qarori ishlab chiqilmagan”, – deya qayd etdi u.

Ta'kidlanishicha, mehribonlik uylaridagi bolalarning 15-17 foizi chin yetimlar, ko‘p qismi ota-onasidan biri bor yoki ijtimoiy yetimlar hisoblanadi. Ularning 38 foizi – ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlarning farzandlari. Senator shunday bolalarni ham o‘rganishlar asosida o‘z ota-onasiga qaytarish masalasini ko‘rib chiqish lozimligini aytdi.

“Oliy sud bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda bu masala bor-yo‘g‘i 40 ta sudda ko‘rib chiqilgan va 40ta bola o‘z ota-onasiga qaytarilgan. Lekin bunday sud jarayonlari juda qiyin kechishi aytildi.

38 foiz – bu katta ko‘rsatkich, ya'ni har ikkita bolaning bittasi ota-onasi bu huquqdan mahrum qilingani sabab mehribonlik uyida qolmoqda. Bu bolalarning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlab, yordam berib bolalarni o‘z ota-onasiga qaytarish yo‘lga qo‘yilishini taklif qilardim”, – dedi Senat qo‘mitasining raisi o‘rinbosari.

Dilorom Toshmuhamedovaga ko‘ra, ijtimoiy yetim (ota-onasi migratsiyada yoki nogiron) bolalar ham yaqin qarindoshlari qaramog‘iga berilishi, nogironligi bor yetim bolalarni asrab olgan oilalar uchun imtiyozlar yaratilishi kerak.

“Bolalar uylaridagi 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonini nogironligi bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Ularni oilaga asrab olishda imtiyozlar berilmasa, qulayliklar yaratilmasa, sog‘lom bolalar bilan taqqoslanganda ularni asrab olish qiyin kechadi”, dedi u.

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov mehribonlik uylarida tarbiyalangan talabalar uchun to‘lanadigan qo‘shimcha 50 foizlik stipendiyalar berila boshlangani, ularga dars beradigan professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish esa endi yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qildi.

Top