19:45 / 23.10.2021
3524
Saylov uchastkalariga biriktirilgan binolar statistikasi ochiqlandi

Respublika bo‘yicha eng ko‘p saylov uchastkalari maktab, kollej, tibbiyot muassasalari, fuqarolar yig‘inlari binolarida, madaniyat va sport markazlarida tashkil etilgan.

Foto: KUN.UZ

Saylov uchastkalarining 7 259 tasi maktablar, 696 tasi kollejlar, 515 tasi tibbiyot muassasalari, 151 tasi oliy o‘quv yurtlari, 597 tasi fuqarolar yig‘inlari binolari, 510 tasi madaniyat va sport markazlari, 37 tasi savdo markazlari, 38 tasi sanatoriyalar, 87 tasi Davlat xizmatlari agentligi, 12 tasi qamoqda saqlash joylari (tergov hibsxonalarida), 6 tasi jazoni ijro etish muassasalari, 168 tasi harbiy qismlar, 706 tasi boshqa obektlarda joylashgan.

Markaziy saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, Saylov kodeksiga muvofiq respublika bo‘yicha 10 760 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Shundan 1 203 tasi Farg‘onada, 1 111 tasi Samarqandda, 1001 tasi Qashqadaryoda, 988 tasi Toshkent viloyatida, 931 tasi Andijonda, 860 tasi Surxondaryoda, 831 tasi Namanganda, 797 tasi Toshkent shahrida, 656 tasi Qoraqalpog‘istonda, 610 tasi Buxoroda, 553 tasi Xorazmda, 524 tasi Jizzaxda, 411 tasi Navoiyda, 284 tasi Sirdaryoda joylashgan.

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning aytishicha, ichki ishlar organlari kuzatuvida 18 546 080 dona saylov byulleteni respublikadagi barcha saylov okrugi va uchastkalariga yetkazib berilgan.

“Saylov uchastkalari joylashgan barcha binolar ovoz berish kunidan oldin sapyor mutaxassislarni jalb etgan holda to‘liq tekshiriladi va 23 oktabr soat 18:00 ga qadar qo‘riqlovga olinadi. Shu maqsadda ovoz berish kuni saylov uchastkalari hamda uning atrofida jamoat xavfsizligini ta'minlash uchun 53 670 nafar huquq-tartibot va jamoatchilik vakillari xizmatga jalb etiladi.

Ular tomonidan ovoz berish jarayoniga hamda uchastka saylov komissiyalari va kuzatuvchilarning faoliyatiga aralashmasdan saylov uchastkalarida karantin qoidalariga to‘liq rioya qilish va turli noxush hodisalarning oldini olish choralari ko‘riladi. Shuning uchun barcha joylarda yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining jangovar hisoblari va tez tibbiy yordam xizmatlarining uzluksiz navbatchiligi tashkil etildi.

Har bir saylov uchastkasi binosi atrofida hududiy profilaktika inspektorlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmati yo‘lga qo‘yildi. Turli noxush holatlar va ularning ijtimoiy xavfli oqibatlarini bartaraf etish uchun har bir hududda alohida zaxira kuchlari to‘liq shay holatga keltirildi”, deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident saylovi 2021 yil 24 oktyabrga belgilangan. Saylovda «Milliy tiklanish»dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov, O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, «Adolat» SDPdan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov va XDPdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova O‘zbekiston prezidentligi uchun kurash olib borishadi.

MSK ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi saylovchilar soni qariyb 21,2 million kishini tashkil qiladi. Ushbu prezident saylovida mahkumlar ham ilk marta ovoz berishadi. 14–20 oktabr kunlari 421 618 nafar o‘zbekistonlik prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berishga ulgurgan.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top