19:35 / 17.11.2021
14090
Xalqning haqidan qo‘rqmaydigan Xalq banki: Urgutda bir nechta oila bola puli “olayotganini” bilmagan

Xalq bankining Samarqand viloyati Urgut filialida ayrim fuqarolar nomiga nafaqa uchun plastik kartalar ochilgan, ammo bundan shu fuqarolarning o‘zlari bexabar bo‘lgan. Kartaga tushgan pullar ishlatib yuborilgan.

Voqeadan Kun.uz xabar topmaganida bu nohaqlik va muhtojlar haqiga xiyonat bilan bog‘liq holat yopiqligicha qolib ketishi ham mumkin edi. Biz holatni o‘rganish maqsadida mazkur tumanda bo‘lib, jurnalistik surishtiruv olib bordik.

Qorabuloq mahallasi Ilonli qishlog‘ida yashovchi Dilshoda Tillayevaning uch nafar farzandi bor. Tillayevaning aytishicha, o‘zi patronaj hamshira bo‘lib ishlaydi va 800 ming so‘m atrofida oylik oladi. Turmush o‘rtog‘ining maoshi ham 1,5 mln so‘m atrofida. U so‘nggi yillarda biror marta ham davlat tomonidan nafaqa olmagan.

Qorabuloq mahallasida yashovchi Iroda Nazarovaning ham uch nafar farzandi bor. O‘zi ham, turmush o‘rtog‘i ham doimiy daromadga ega emas. Shu sababli turmush o‘rtog‘i yaqinda Rossiyaga ish izlab ketganini ma'lum qildi. Davlatdan nafaqa olmaydi.

Tumanning Yuqori Tegana mahallasida yashovchi yana bir oila o‘zlari bilan ham xuddi shunday holat bo‘lgani, biroq aynan nafaqa pulini yetkazib beruvchi bank xodimi o‘zlariga tanish bo‘lgani uchun yuzing-ko‘zing qilib, da'volaridan voz kechib qo‘ya qolishganini aytishdi.

Tasavvur qiling, o‘zlarining yuziga oyoq qo‘ygan, haqini bermagan odamdan ham andisha qiladiganlar bor. Bu holatda kim kimdan andisha qilishi kerak edi?

Bu fuqarolarning ayrimlari nafaqa uchun hujjat topshirgan va ariza rad qilindi, degan javob olishgan. Aslida esa ularning hujjati tasdiqlangan, nafaqa tayinlangan bo‘lgan.

Ushbu fuqarolarning hech qanday nafaqa puli olmaganiga ishonch hosil qilganimizdan so‘ng, Urgut tumani moliya bo‘limida bo‘ldik. Bu yerda yuqorida nomlari qayd etilgan fuqarolar, shuningdek, Quyi Tegana mahallasida yashovchi Ozoda Rahmonova nomiga ham 2019-2020 yillarda nafaqa tayinlangani aniq bo‘ldi.

Tuman moliya bo‘limi mas'ul xodimi Umidjon Rahmatullayev taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Qorabuloq mahallasida yashovchi Dilshoda Tillayeva va Iroda Nazarovaga 14 yoshgacha bolali oilalarga beriladigan nafaqa tayinlangan. Bu onalar olti oy davomida har oy faqat qog‘ozda 354 ming so‘mdan nafaqa olib kelishgan.

Quyi teganalik Ozoda Rahmonovaga esa 2019-2020 yillarda, jami 12 oy davomida bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar oyiga 484 ming so‘mdan bola parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqa yozilgan.

Qisqa qilib aytganda, fuqaro nafaqa pulini olmaganman deyapti, moliya bo‘limi bu oilalar uchun nafaqa tayinlanganini tasdiqlab turibdi.

Masalaning davomi yana ham qiziq tus oldi. Biz moliya bo‘limiga borganimizdan keyingi kun – 14 noyabr, yakshanbada bank xodimlari Iroda Nazarova va Ozoda Rahmonovaning uyiga borgan. Nazarovaga to‘lanmagan oylar nafaqasini to‘lab berish, evaziga Kun.uz'ga bergan intervyusidan tonish taklif qilingan. Rahmonovaning oilasiga esa kelgusida ham shunday nafaqa tayinlanishida ko‘maklashish va'da qilingan.

Biz Xalq banki Urgut filiali boshqaruvchisi Qosim Obloqulov bilan suhbatlashdik.

“Har bir mahalla bo‘yicha kassirlar biriktirganmiz. Holat o‘tgan yili kuzatilgan bo‘lsa, o‘sha vaqtdagi hududiy kassirlarimizning qo‘liga plastik kartalarni buyruq orqali berganmiz. Yuqoridagi holat haqiqatan ham qaysidir bank xodimining aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa, ularga nisbatan qat'iy chora ko‘ramiz. Bizga xodimlarimizning aybi aniq ko‘rinib turibdi. Shu va boshqa holatlarga ham aniqlik kiritib, fuqarolar bilan bog‘lanamiz.

Bank xodimlari aybi bilan berilmagan mablag‘ni o‘z egalariga yetkazib, holat bo‘yicha yana qo‘shimcha ma'lumot taqdim qilamiz”, – dedi Obloqulov.

Shu o‘rinda yana bir jihat e'tiborimizni tortdi: Bank filiali orqali fuqarolarga plastik kartalarning yetkazib berilish tartibi ham shubhali. Masalan, 2020 yilda minglab fuqarolarning plastik kartalari mijozning ism-familiyasi bo‘lmagan holatda tarqatilgan.

Aytaylik, Mo‘minobod mahallasiga 75 ta, Terak mahallasiga 42 ta, Chumchuqli mahallasiga 15 ta plastik kartani yetkazib berish bank xodimi Qahramonovga yuklatilgan. Ushbu daftarda bank xodimininggina imzosi bor, xolos. Na mijozning familiyasi, na imzosiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Bu chalkashlik yuqoridagi kabi korrupsion holatlarga bemalol imkoniyat yaratib beradi, albatta.

Obloqulovning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolarning plastik kartalariga tushirib berilgan mablag‘ni o‘zlashtirib yuborgani uchun 2020 yilning boshlarida bankning ikki nafar xodimiga chora ko‘rilgan, mablag‘lar qaytarib berilgan. O‘sha ikki xodim ayni vaqtda ishdan bo‘shatilgan.

Xulosa qilish mumkinki, Xalq bankining Urgut filialida bunday holat birinchi marta kuzatilmayapti. Bir muddat avval ikki nafar xodim chora olgani aytilayotgan bo‘lsa-da, bu yomon «an'ana», xalqning haqidan qo‘rqmaydiganlar Xalq bankida hamon bor. Va eng yomoni, ular fuqarolarning oldiga borib, arzingni qaytib ol, pulingni beraman, deyishdan uyalishmaydi ham. Vaholanki, o‘sha pulga muhtoj bo‘lib turgan, turmush o‘rtog‘ini xorijga, boshqa viloyatga ishlash uchun jo‘natishga majbur bo‘layotgan yosh onalar bankirlarning qilmishini aytishni o‘ziga ep ko‘rmayapti.

Guvohi bo‘lganlarimiz tasodifan oshkor bo‘lib qolgan ma'lumot, xolos. Respublikada yuzlab bank filiallari borligi va ularda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga davlat budjetidan nafaqa tarqatayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, ma'lum bo‘lmaganlari qancha?

Holat bo‘yicha tizimga mas'ul tashkilotlar, shuningdek, prokuraturadan ham tegishli choralar ko‘rilishini kutib qolamiz. Mavzuga yana qaytamiz.

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi –

Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top